Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yoz jaziramasida Toshkent aholisi suv bo‘yida dam olish va cho‘milish imkoniyatidan mahrum. Poytaxtda bironta ham xavfsiz va bepul ommaviy suv havzasi mavjud emas, natijada odamlar cho‘milish taqiqlangan kanallarga, xususan Bo‘rijar va Anhor kanallariga yo‘l olmoqda.

Gazeta muxbiri Mirolim Isajonovning aniqlashicha, ushbu kanallar qirg‘og‘ida “Cho‘milish taqiqlanadi” yozuvlari osilgan bo‘lsa-da, har kuni yuzlab odamlar, jumladan bolalar va keksalar, bu yerda cho‘milmoqda. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va IIB xodimlari muntazam reydlar o‘tkazib, ogohlantirish va jarima solmoqda.

Yakkasaroy tumanidan Hasan ismli fuqaro: “Har yoz boshlanishi bilan odamlar shu yerga cho‘milgani keladi. Boshqa bepul variant yo‘q. Basseynlar qimmat – eng arzonining bir soati 80 ming so‘m. Shu sababli bu yerda odam ko‘p. Suv oqar, tabiiy. Taqiqlangan bo‘lsa ham, talab bor. Faqat qarshilik bilan muammo hal bo‘lmaydi”, deydi.

Shayxontohur tumanidan Adham: “Poytaxtda bepul cho‘milish joylari yo‘q, hammasini taqiqlab tashlashgan. Hozir birorta basseynga borsangiz, soati kamida 100 ming so‘m. Kimningdir moddiy imkoni bo‘lsa, kimdadir yo‘q. Anomal issiq kunlarda uyda cho‘milgandan ko‘ra, toza havoda oqar suvda cho‘milishning gashti boshqacha”, deya qo‘shimcha qiladi.

70 yoshli erkak: “Yoshlikda parklardagi ko‘llarda bepul cho‘milar edik. Hozir bunday joylar yo‘qoldi. Chorvoqdagi dachalarda bir kun oilaviy dam olish to‘rt-besh million so‘m. Buni har oila ko‘tarmaydi. Davlat bepul basseynlar va plyajlarni ko‘paytirishi zarur. Bo‘lmasa, Anhor bo‘yidagi joylarni tartibga keltirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish kerak”, deydi.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova: “BMT Konvensiyasining 31-moddasida bolaning dam olish huquqi belgilangan. Yoz mavsumida cho‘milishga ehtiyoj ortadi, shu bilan birga cho‘kish holatlari ham ko‘payadi. Hududlarda cho‘milish zonalari standartlarga to‘liq javob bermaydi. Taqiqlangan joylarda cho‘milmaslik haqida ogohlantirish bilan birga, muqobil xavfsiz suv havzalarini yaratish zarur. Bu yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga so‘rovlar kiritilgan”, deydi.

Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov: “Zo‘r savol! Xalqning dardi bu. Toshkent shahrida 12 ta suv havzasi barpo etiladi. U yerda cho‘milish, baliq tutish, hordiq chiqarish mumkin bo‘ladi. Suv boshqaruv tizimini joriy qilamiz, ariqlardagi suvlarni qayta tiklaymiz”, dedi. Biroq aniq muddatlarni keltirmadi.

FVV boshlig‘i o‘rinbosari Shavkat Ibragimov: “2026-yil birinchi yarmida kanallarda 4 kishi cho‘kib ketgan. 2025-yilda 10 kishi halok bo‘lgan. Hozirda Bo‘zsuv kanali bo‘yicha loyiha ishlab chiqilyapti. Tasdiqlansa, maxsus cho‘milish joylari tashkil etiladi. Xodimlarimiz nazorati bo‘lmaganda, baxtsiz hodisalar soni 20 baravargacha oshishi mumkin edi”, deydi.

Source: www.gazeta.uz