Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda kuchlanishi 35−110 kV bo‘lgan 1800 dan ortiq podstansiyaning qariyb 30 foizi modernizatsiya qilindi. Bu haqda 17-iyul kuni prezident huzurida o‘tgan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi va tadbirkorlarning murojaatlari energetika sohasi ish samaradorligini baholovchi asosiy ko‘rsatkichlardan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Birinchi yarimyillikda yonilg‘i-energetika sohasida asosan gaz va elektr ta’minoti bilan bog‘liq 39 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. O‘tgan yilning shu davrida esa ularning soni 50 mingdan ziyod edi. Shu tariqa, murojaatlar soni taxminan 26 foizga kamaygan.

Mamadaminov shikoyatlar sonining kamayganini yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi, uzatish va taqsimlash tarmoqlarining ta’mirlanishi hamda modernizatsiya qilinishi, shuningdek, energiya samaradorligini oshirish dasturlari bilan izohladi.

“Biroq bu hamma tumanlarda vaziyat 100 foiz yaxshi bo‘ldi degani emas. Ishlar hali bosqichma-bosqich olib borilmoqda, muammolar saqlanib qolgan. Masalan, ayrim hududlarda podstansiya va transformator punktlari hali ham yuqori yuklama ostida ishlamoqda”, — deb ta’kidladi vazirning birinchi o‘rinbosari “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Energetika vazirligi, shuningdek, modernizatsiyalanmay qolgan salkam 70 foiz podstansiyaning taqdiri haqida ma’lumot berdi. “Buning uchun juda katta mablag‘ talab etiladi. Hukumat har yili ushbu maqsadlar uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratmoqda. Ular hisobidan amaldagi podstansiyalar bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinyapti va yangilari qurilmoqda”, — dedi Umid Mamadaminov.

Yonilg‘i-energetika sohasidagi murojaatlarning yarmidan ko‘pi aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash masalalariga to‘g‘ri keladi. Asosiy muammolar qatorida u gaz ballonlarining o‘z vaqtida yetkazib berilmasligi va ta’minot tizimining o‘zidagi kamchiliklarni sanab o‘tdi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, vazirlik ushbu jarayonni raqamlashtirishni kuchaytirmoqda va murojaatlar sonini sezilarli darajada kamaytirishi lozim bo‘lgan yangi tizimni joriy etyapti.

Prezident kuz-qish mavsumi boshlangunga qadar hokimlar va “mahalla yettiligi” bilan birgalikda fuqarolarning shikoyatlari asosida aniqlangan tizimli muammolarni hal etish hamda hududlarni energiya resurslari iste’moli yuqori bo‘ladigan davrga tayyorlash sifatini oshirish bo‘yicha topshiriq bergan.

Umid Mamadaminov energetika sohasi rivojlanishning yangi bosqichiga o‘tayotganini ma’lum qildi. Agar ilgari asosiy e’tibor ishlab chiqarish quvvatlarini qurishga qaratilgan bo‘lsa, endilikda raqamlashtirish va infratuzilmani yangilash ustuvor vazifaga aylanmoqda.

“Kelgusi to‘rt yil ichida 5000 km ga yaqin uzatish va taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Yangi podstansiyalar quriladi va ushbu obyektlarning barchasida raqamli avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etiladi”, — dedi u.

Vazirlik, shuningdek, aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqish, koll markazlarni yangilash va ularga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni rejalashtirmoqda.

“Shu tariqa, yonilg‘i-energetika tizimi yangi bosqichga — raqamlashtirish va raqamli energiya tizimini yaratishga o‘tmoqda”, — deb bayonot berdi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari.

Energetika vazirligi avvalroq xabar berganidek, 17-iyul kuni O‘zbekistonda sutkalik elektr energiyasi iste’moli yozgi yangi maksimumga yetib, 293,4 mln kVt/s ni tashkil etdi. Rekordlar ketma-ket beshinchi kun yangilanmoqda. Elektrdagi o‘chishlar tufayli biznes qo‘shimcha xarajatlarga duch kelmoqda: ayrim do‘konlar tez buziladigan mahsulotlarni boshqa joyga tashishga, generatorlarni ijaraga olishga va yonilg‘i sotib olishga majbur bo‘lyapti.

Source: www.gazeta.uz