26-iyun kuni Jizzax viloyati Zomin tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida 24 yoshli M.M.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. U 2025-yilda Rossiya Qurolli kuchlari safida Ukraina hududida jangovar harakatlarda qatnashganlikda ayblangan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, M.M. 2019-yildan Rossiyaning Primore o‘lkasida mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib kelgan. 2025-yil boshida u va tanishi giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasiga aloqadorlik gumoni bilan Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular jinoiy javobgarlikdan qochish maqsadida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, Ukrainadagi urushda Rossiya tomonida qatnashishga rozilik bergan. M.M. Mariupol yaqinidagi harbiy lagerda tayyorgarlikdan o‘tgan.
2025-yil sentabridan noyabr o‘rtalarigacha u Zaporoje viloyatida okop va blindajlar qazish, oziq-ovqat yetkazish, dronlar uchun jihozlarni tashish va razvedka-kuzatuv vazifalarini bajargan. 10-noyabr kuni dron hujumi natijasida og‘ir jarohat olib, o‘ng qo‘lining to‘rt barmog‘i amputatsiya qilingan.
Sudda M.M. aybiga iqror bo‘lib, majburan shartnoma imzolagani va pushaymonligini bildirdi. Uning otasi o‘g‘lini qutqarish uchun Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilgan, biroq natija bo‘lmagan.
Sud M.M.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismi bilan aybdor topib, 2 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Source: www.gazeta.uz