Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan 2027−2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada pensiya tizimining istiqbolli ko‘rsatkichlari belgilangan. Unga ko‘ra, 2027-yilda o‘rtacha pensiya miqdori 1,8 million so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu 2026-yildagi 1,7 million so‘mlik ko‘rsatkichdan taxminan 5,9 foizga yuqori, ammo aniq o‘sish sur’atini hisoblash imkoni yo‘q, chunki raqamlar 100 ming so‘mgacha yaxlitlangan.
Pensiya oluvchilar soni 2027-yilda 4 million 592 ming nafarga yetishi kutilmoqda, bu 2026-yilga nisbatan 165 ming kishiga ko‘pdir. Pensiya jamg‘armasining xarajatlari 95,7 trillion so‘mni tashkil etib, 2026-yilga nisbatan 11,1 foizga oshadi. Bu o‘sish, asosan, nafaqaxo‘rlar sonining ko‘payishi bilan izohlangan.
Jamg‘arma daromadlari 14 foizga o‘sib, 73,8 trillion so‘mga yetishi rejalashtirilgan. Tushumlarning asosiy qismi ijtimoiy soliq hisobidan shakllanadi — 71,4 trillion so‘m. Taqchillikni qoplash va pensiyalarni o‘z vaqtida to‘lash uchun respublika budjetidan 23 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
O‘rta muddatli istiqbolda pensiya oluvchilar sonining o‘sishi davom etadi: 2028-yilda 4,76 million, 2029-yilda esa 4,94 million kishiga yetishi mumkin. O‘rtacha pensiya miqdori mos ravishda 1,9 million va 2,1 million so‘mni tashkil etadi. Jamg‘arma xarajatlari 2029-yilga kelib 119,4 trillion so‘mgacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
Vazirlik ogohlantirishicha, islohotlar o‘tkazilmasa, pensiya tizimining davlat budjetiga qaramligi yuqoriligicha qoladi. Asosiy muammolar — norasmiy bandlikning yuqoriligi va yuridik shaxslarning ayrim toifalari uchun ijtimoiy soliq bo‘yicha berilgan imtiyozlar. Shu sababli, ijtimoiy soliq to‘lamaydigan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni bosqichma-bosqich soliq to‘lashga jalb qilish taklif etilmoqda.
Shuningdek, rasmiy daromadga ega fuqarolarga oilasining ishlamaydigan a’zolari uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash orqali mehnat stajini shakllantirish imkoniyati berilishi mumkin. Yangi imtiyozlarni cheklash va mavjudlarini bosqichma-bosqich bekor qilish ham rejalashtirilgan.
1-iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 4,35 milliondan ortiq nafaqaxo‘r bor edi. Ulardan 3,6 millioni yoshga doir, 484,5 mingi nogironlik, 260,6 mingi esa boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini olgan. O‘rtacha pensiya 1,58 million so‘mni tashkil etgan (1-iyuldan 7 foizga oshirilgan). Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 2,16 million so‘m bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz