Yig‘ilishda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning asosiy masalalaridan biri – inflyatsiya darajasi ko‘rib chiqildi.
Prezident ichki bozorda tovar va xizmatlar taklifini oshirish orqali narxlar o‘sishini ushlab turish zarurligini ta’kidladi.
Avvalroq hududlar rahbarlariga yanvar-iyun oylarida inflyatsiyani 3% ichida ushlab turish vazifasi qo‘yilgan edi. Biroq bu ko‘rsatkichga faqat Samarqand viloyati erishdi. Qolgan hududlarda reja ko‘rsatkichlariga erishilmadi.
Yig‘ilishda go‘sht narxlaridagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Aprel-iyun oylarida go‘sht mahsulotlari narxi 6-8% ga oshdi.
Shu bilan birga, import qilinadigan go‘shtni havo transportida yetkazish xarajatlarini qoplash uchun 300 mlrd so‘m ajratilgani qayd etildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati tadbirkorlari 1,3 ming tonna go‘sht olib kelishdi. Boshqa hududlar esa masalani hal qilishda yetarlicha faollik ko‘rsatmadi.
Davlat rahbari viloyat hokimlari va mas’ul shaxslarga hududlarda go‘sht ishlab chiqarish va iste’mol balansini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek import hajmlari, yetkazib berish muddatlari va mahsulot kelib chiqqan mamlakatlar bo‘yicha aniq rejalar tayyorlashni topshirdi.
Source: uznews.uz