Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston elektr tarmoqlarida yilning birinchi yarmida elektr energiyasi yo‘qotishlari 17,2 foizni yoki 4,8 mlrd kVt/soatni, tabiiy gaz yo‘qotishlari esa 7,6 foizni yoki 797 mln kub metrni tashkil etdi. Bu haqda 21-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Davlat rahbari tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish orqali daromadni oshirish bo‘yicha yetarli ish olib borilmayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, kelgusi o‘n yilda mamlakat energetika infratuzilmasini rivojlantirish uchun 8 mlrd dollar talab etiladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, hududiy gaz tarmoqlari korxonalarida mehnat unumdorligi qo‘shni mamlakatlarga nisbatan 1,5−2 barobar pastligi ham qayd etildi.

Prezident energetika sohasidagi yuqori yo‘qotishlar muammosini aprel oyidagi yig‘ilishda ham ko‘targan edi. O‘shanda 44 ta tumanda elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan oshgani ma’lum qilingan. Shavkat Mirziyoyev “xulosa qilmagan” elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlarini lavozimidan ozod etish va yangi rahbariyat oldiga yo‘qotishlarni kamida ikki barobar qisqartirish vazifasini qo‘yishni topshirgan edi.

2024-yil fevral oyida prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston 1 dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,5 barobar ko‘proq energiya sarflashi ta’kidlangan edi. O‘sha paytda elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 14 foiz, tabiiy gaz yo‘qotishlari esa 7 foizdan ortiq deb baholangan.

Jahon banki 2024-yilda O‘zbekiston taqsimlash elektr tarmoqlaridagi texnik yo‘qotishlarni taxminan 13 foiz deb baholagan. Bank ma’lumotlariga ko‘ra, taqsimlash infratuzilmasining yarmidan ko‘pi 30 yildan ortiq vaqtdan buyon foydalanib kelinmoqda. Bu esa ortiqcha yuklanishlar, elektr energiyasi yo‘qotishlari va avariyalarga olib kelmoqda.

Iyul oyi boshida prezidentga, shuningdek, 881 ta mahalladagi 220 mingta xonadonning gaz ta’minoti uch bosqichli tizimdan ikki bosqichli tizimga o‘tkazilayotgani haqida ham axborot berilgan edi. Loyihaning maqsadlaridan biri gazning texnologik yo‘qotishlarini qisqartirish deb aytilgan.

Magistral gaz tashish infratuzilmasining holati ham alohida muammo bo‘lib qolmoqda. Jahon banki bahosiga ko‘ra, modernizatsiya ishlari amalga oshirilmasa, 2030-yilga kelib “O‘ztransgaz” tarmog‘idagi umumiy yo‘qotishlar 1,75 mlrd kub metrga yetishi mumkin. Bu taxminan 228 mln dollar miqdoridagi olinmay qolgan daromadga to‘g‘ri keladi. Ushbu baholash zarur ishlar bajarilmagan ssenariydagi jamg‘arilgan yo‘qotishlarga taalluqli.

Source: www.gazeta.uz