Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yangi xususiylashtirish dasturi tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 100 trln so‘m (taxminan 8,34 mlrd dollar) bo‘lgan 1300 ta ko‘chmas mulk obyekti, 8 ming gektar yer maydoni hamda 66 ta korxonadagi davlat ulushlari savdoga qo‘yiladi.

Davlat rahbari hokimlarni davlat mulkini sotish bo‘yicha tizimli ish olib bormayotgani uchun tanqid qildi. Ayni paytda auksionlarga umumiy qiymati 22 trln so‘m bo‘lgan 3 mingta davlat obyekti qo‘yilgan.

Tadbirkorlar uchun boshlang‘ich to‘lovni 30 foizdan 15 foizgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda. Qolgan mablag‘ni esa foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Yig‘ilishda banklar balansidagi aktivlar ham ko‘rib chiqildi. Hozirgi vaqtda umumiy qiymati 9,3 trln so‘m bo‘lgan 2411 ta obyekt hali sotilmagan. Prezident banklar balansidagi har bir obyektning nima asosda saqlanayotganini tahlil qilishni topshirdi.

Soliq tushumlari ham muhokama qilindi. Yil boshidan buyon ular 27 foizga o‘sib, 130 trln so‘mdan oshgan. Biroq qo‘shimcha tushumlar bo‘yicha yillik rejaning atigi 40 foizi bajarilib, 12 trln so‘m yig‘ilgan.

Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlarini soliq tushumlarini oshirish bo‘yicha korxonalar bilan yetarlicha ishlamaganini tanqid qildi. Misol sifatida Buxoro viloyati keltirildi. U yerda aylanmasi 100 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan 162 ta korxona uch yil ketma-ket zarar bilan faoliyat yuritib, foyda solig‘ini to‘lamagan.

1500 ta korxona QQS to‘lamagan, faqat uni hisobga o‘tkazish bilan cheklangan. Shu munosabat bilan Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

1-iyuldan boshlab 498 ta yirik soliq to‘lovchidan soliq undirish vakolati hududlarga o‘tkazildi. Viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari va hududiy soliq organlari rahbarlariga ushbu korxonalar bilan bevosita ishlash hamda soliqlarni to‘liq yig‘ilishini ta’minlash topshirildi.

Fitch Ratings hisobotiga ko‘ra, 2021−2025-yillarda O‘zbekistonda taxminan 5,1 mlrd dollarlik davlat aktivlari xususiylashtirilgan. Agentlikning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilning o‘zida xususiylashtirish hajmi 1,6 mlrd dollarni tashkil etgan.

Source: www.gazeta.uz