Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabariga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Quva tumani hokimi Halimjon Umarovga davlat fuqarolik xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzgani uchun hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Iyun oyida ijtimoiy tarmoqlarda hokimga tegishli deb taxmin qilinayotgan audioyozuv tarqaldi. Unda Umarov fermerlardan birini haqorat qilib, yerni majburan topshirishni buyurgani eshitiladi. Hokim so‘kinish va tahdidlar bilan fermerni yerni topshirishga majbur qilgan.
Agentlik xizmat tekshiruvi o‘tkazib, qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho berishni talab qilgan. Natijada tuman hokimiga hayfsan berilgan.
Agentlik davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash va qonun buzilishiga nisbatan javobgarlik muqarrarligini ta’minlash ishlarini davom ettirishini ma’lum qilgan.
Halimjon Umarov 2021-yil fevralidan buyon Quva tumani hokimi lavozimida ishlab kelmoqda. Avval u viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning ham fermerlarni haqorat qilgan audioyozuvi tarqalgan va unga ham hayfsan berilgan edi.
Huquqshunos Ibrohim Said va inson huquqlari faollari bu kabi holatlarda fermerlarning ojizligi va mansabdorlarning qo‘pol munosabati masalasini ko‘targan.
Source: www.gazeta.uz