21-iyul kuni HUMO milliy to‘lov tizimi Aleksandr Yevgenyevich Sotnikovni kompaniya Boshqaruv raisi etib tayinlaganini e’lon qildi.
Ushbu tayinlov HUMOning strategik transformatsion rivojlanish jarayonining mantiqiy davomi bo‘ldi. 2026-yil may oyida Aleksandr Sotnikov kompaniya jamoasiga Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari sifatida qo‘shilgan va asosiy yo‘nalishlar hamda milliy to‘lov infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha strategik tashabbuslarni boshqargan.
Aleksandr Sotnikov to‘lov texnologiyalari, raqamli banking va milliy to‘lov tizimlarini rivojlantirish sohasida tan olingan ekspert bo‘lib, 25 yildan ortiq tajribaga ega. U ilgari Belarus Respublikasining bank va to‘lov sektorida rahbarlik lavozimlarida ishlagan, jumladan, mamlakatdagi eng yirik protsessing markazi va BELKART milliy to‘lov tizimi operatori bo‘lgan “Bank protsessing markazi” OAJni boshqargan, Belgazprombank Boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan hamda Belarus Milliy bankida milliy to‘lov infratuzilmasi va raqamli moliya sektori loyihalarida qatnashgan.
“HUMOga qo‘shilish qarorimdagi asosiy omillardan biri kompaniyaning ambitsiyali rejalari va texnologik yetakchilikka intilishi bo‘ldi. Meni ayniqsa tizimlararo integratsiyalar, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish va HUMOning xalqaro mavqeini mustahkamlash istiqbollari qiziqtiradi. Bu yangi bozorda to‘plangan tajribamni qo‘llash va mintaqaning eng dinamik rivojlanayotgan to‘lov ekotizimlaridan biriga hissa qo‘shish imkoniyatidir”, — dedi Aleksandr Sotnikov.
Aleksandr Sotnikov rahbarligida HUMO zamonaviy to‘lov ekotizimini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etish va millionlab foydalanuvchilar, banklar va korxonalar uchun innovatsion moliyaviy xizmatlar mavjudligini oshirish yo‘nalishida davom etadi.
Kompaniya Bahodirov Ulug‘bek Xojituraevichga HUMO rivoji va milliy to‘lov tizimi mavqeini mustahkamlashdagi katta hissasi uchun minnatdorchilik bildiradi. Uning rahbarligida HUMO mamlakat to‘lov infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator strategik tashabbuslarni amalga oshirdi, hamkorlik ekotizimini kengaytirdi va texnologik kompetensiyalarni kuchaytirdi.
Aleksandr Sotnikovning tayinlanishi HUMOning milliy to‘lov tizimini rivojlantirish va xalqaro mavqeini mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasining bir qismidir. Kelgusidagi asosiy yo‘nalishlar: xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tizimlararo integratsiyalarni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va HUMO kartalari va xizmatlaridan O‘zbekistonda ham, undan tashqarida ham foydalanish imkoniyatlarini yaratish.
Source: www.uznews.uz