Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo-Ulug‘bek tumani bo‘limi xodimlari tomonidan keshbek tizimi orqali byudjet mablag‘larini o‘g‘irlashning navbatdagi holati aniqlandi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, uchta kompaniyaning mas’ul shaxslari oldindan til biriktirib, 322,4 milliard so‘mlik tovarlar yetkazib berilganligi to‘g‘risida soxta ma’lumotlarni rasmiylashtirgan.
Olingan pul mablag‘lari nazorat-kassa mashinalari orqali o‘tkazilib, fuqarolarga tovarlar sotilganligini tasdiqlovchi 3363 dona kassa cheki shakllantirilgan.
So‘ngra Soliq Mobile ilovasi orqali ijtimoiy himoya reestriga kiritilgan fuqarolarga keshbek to‘lovlari rasmiylashtirilgan va natijada 1,4 milliard so‘m byudjet mablag‘lari noqonuniy ravishda o‘zlashtirilgan.
Ushbu fakt bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: uznews.uz