O‘zbekistonda qiymati deyarli 2,2 milliard dollarga teng bo‘lgan yangi Toshkent — Samarqand pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi. Yo‘l ishga tushirilgach, shaharlar o‘rtasidagi yo‘l vaqti 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi, deya ma’lum qildi prezident Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari 22-iyul kuni Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida trassa qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Olti tasmali avtomagistralning umumiy uzunligi 282 km ni tashkil etadi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘lotkazgich va tunnel turidagi 60 ta o‘tish joyi qurish rejalashtirilgan.
Trassaga og‘ir va yuqori tezlikdagi transport harakatiga mo‘ljallangan monolit beton qoplamasi yotqiziladi. Tekislik uchastkalarida avtomobillar soatiga 150 km gacha tezlikda harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Zamonaviy xavfsizlik tizimlari va raqamli yechimlar yo‘l-transport hodisalari sonini sezilarli darajada kamaytirish imkonini berishi kutilmoqda.
Yo‘l foydalanishga topshirilgach, uning o‘tkazuvchanlik qobiliyati sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha avtomobilni tashkil etadi. Yuk tashish tannarxi esa 20−24 foizga arzonlashishi kerak. Shavkat Mirziyoyev avtomagistral qurilishini O‘zbekiston transport infratuzilmasini rivojlantirishdagi “navbatdagi ulkan tarixiy qadam” deb atadi va yo‘l sohasida “tom ma’noda yangi davr” boshlanayotganini ta’kidladi.
Yangi trassa o‘zi o‘tadigan hududlardagi iqtisodiy faollikni oshirishi kutilmoqda. Prezidentning Jahon banki tahliliga tayanib ta’kidlashicha, bu kabi infratuzilma loyihalariga kiritilgan har bir dollar iqtisodiyotga besh dollargacha daromad keltirishi mumkin. Magistral Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarining yalpi hududiy mahsulotini 3 foizga oshirishga xizmat qilishi kerak.
Aholisi 2 milliondan ortiq bo‘lgan 13 ta tumanda minglab yangi ish o‘rinlari va yangi daromad manbalari paydo bo‘lishi kutilmoqda. Yo‘l yoqasida logistika markazlari, omborxonalar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, mehmonxonalar va turistik majmualar qurish rejalashtirilgan. Mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan foydalanish tadbirkorlarni yirik buyurtmalar bilan ta’minlab, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev shuningdek, Xiva — Urganch yo‘li qurilishi boshlangani, Toshkent — Andijon trassasi bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida ekani va Toshkent — Bo‘stonliq yo‘lini loyihalash yakuniy bosqichda ekanini ma’lum qildi. “Biz bugun vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik to‘yi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qo‘ymoqdamiz”, — dedi prezident.
Yangi Toshkent — Samarqand pulli yo‘li Sergelidagi Toshkent halqa yo‘lidan boshlanadi. Hukumat yo‘lni bosqichma-bosqich, birinchi navbatda Toshkent — Sirdaryo uchastkasini ishga tushirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Oldinroq transport vaziri Ilhom Mahkamov Toshkent — Samarqand pulli avtomagistrali qurilishini 2026-yilning iyul oyida boshlash rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.
Loyiha qiymati 2,185 milliard dollarga baholangan. Uni to‘rt bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan edi: qiymatning 85 foizi yoki 1,857 milliard dollari Xitoy banklari tomonidan, yana 15 foizi yoki 328 million dollari O‘zbekiston budjetidan moliyalashtirilishi kerak. Ishlarni boshlash uchun, shuningdek, 1 yil muddatga 200 million dollarlik bridj-kredit jalb qilish ham ko‘rib chiqilgan edi.
Yangi olti tasmali trassaning uzunligi 282 km ni tashkil etadi. U Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarini bog‘laydi hamda soatiga 150 km gacha bo‘lgan tezlikka mo‘ljallanadi. Avvalroq hukumat yo‘lni Toshkent — Sirdaryo uchastkasidan boshlab bosqichma-bosqich ishga tushirishni ko‘rib chiqqan edi. Transport vaziri amaldagi yo‘l allaqachon loyihaviy o‘tkazuvchanlik qobiliyatidan ortiq avtomobillarni o‘tkazayotganini ta’kidlagan edi.
Yo‘l haqi tariflarini aholining moliyaviy imkoniyatlarini hisobga olgan holda, investorlar bilan muzokaralardan so‘ng belgilash rejalashtirilgan edi. Trassa bo‘ylab transport yechimlari (razvyazkalar), ko‘priklar, yo‘lotkazgichlar, tonnel o‘tish joylari, terminallar, yo‘lbo‘yi infratuzilmasi obyektlari, intellektual transport tizimi va vazn nazorati ko‘zda tutilgan.
Source: www.gazeta.uz