Belarus hududi orqali noqonuniy migratsiyani tashkil etishga aloqador bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Polshadan deportatsiya qilindi. Bu haqda Nadbujan Chegara qo‘riqlash xizmati ma’lum qildi.
Erkak Lyublin shahridagi chegara nazorat punktida hujjatlari tekshirilayotganda qo‘lga olingan. U avvalroq Zamoss shahridagi qamoqxonada ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tagan.
Ma’lum qilinishicha, u Polsha-Belarus chegarasidan noqonuniy migrantlarni Polsha hududining ichki qismiga tashishni tashkil qilib, buning ortidan katta miqdorda moliyaviy manfaat ko‘rgan.
“Ushbu xorijlikning Polshada qolishi mamlakatda jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid solishi sababli uni deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, — deyiladi xabarda.
Erkak politsiya kuzatuvida Varshava aeroportiga olib borilgan va u yerdan mamlakatni tark etgan. Unga Polsha hamda Shengen hududi davlatlariga 10 yil muddatga kirish taqiqlangan.
Avvalroq Polsha Interpol tomonidan yirik firibgarlikda qidiruvga berilgan yana bir O‘zbekiston fuqarosini ekstraditsiya qilib, O‘zbekistonga topshirgan edi.
Source: www.gazeta.uz