Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi Mingtepa arxeologiya yodgorligida VIII asrda hukmdorlar saroyi bo‘lgani taxmin qilinayotgan majmuaning me’moriy qoldiqlari topildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar qildi.
Qazishma ishlarini Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimlari Amriddin Berdimurov, Husniddin Rahmonov va Nigora Mahkamova olib bormoqda.
Tadqiqotlar davomida arxeologlar yodgorlikning mustahkamlangan qismi — arkda joylashgan saroy majmuasining me’moriy tuzilishini ochib berdi. Mutaxassislar inshootni VIII asrning birinchi yarmiga mansub deb hisoblamoqda.
Mutaxassislar fikricha, saroyning qurilish xususiyatlari ilk o‘rta asrlar shaharsozligi, me’morchiligi va davlat boshqaruvi tizimini o‘rganishda muhim ilmiy manba hisoblanadi.
Saroyning zal qismida VIII asrga oid haykaltaroshlik namunalari ham topildi. Hozirda ushbu topilmalar mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda.
Agentlik ta’kidlashicha, qazishma natijalari Mingtepaning siyosiy va madaniy hayoti, shuningdek, ilk o‘rta asrlarda mintaqa tarixi haqida yangi xulosalar chiqarish imkonini berishi mumkin.
Avvalroq Samarqand viloyatida Quldortepa yodgorligida olib borilgan qazishmalar chog‘ida devoriy rasmlar, Xitoyning Han sulolasi davrida tayyorlangan ko‘zgu hamda tangalar topilgan edi.
Source: www.gazeta.uz