Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Milliy statistika qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, 2026-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7,091 million so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,4 foizga ko‘p.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi poytaxtda qayd etildi — 12,014 million so‘m, bu o‘tgan yilga nisbatan 18,2 foizga oshgan. Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati (8,723 million so‘m), uchinchi o‘rinda Toshkent viloyati (6,676 million so‘m) turadi. Eng past ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida — 4,865 million so‘m.

Eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax (20,4%), Namangan (19,4%), Toshkent shahri (18,2%) va Toshkent viloyatida (17,8%) kuzatildi.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasida — 19,1 million so‘m. Keyingi o‘rinlarda axborot va aloqa (17,417 million so‘m), transport va saqlash (11,07 million so‘m), sanoat (8,267 million so‘m), savdo (7,651 million so‘m) va qurilish (7,028 million so‘m) turadi.

Eng past o‘rtacha ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida (4,44 million so‘m) hamda ta’limda (4,977 million so‘m) qayd etildi. Biroq aynan shu tarmoqlar ish haqi o‘sish sur’ati bo‘yicha yetakchilar qatoriga kirdi — mos ravishda 20,1% va 20,3%.

Ayrim sohalar ichida eng yuqori maoshni qayta sug‘urtalash xodimlari oladi — o‘rtacha 26,014 million so‘m. Moliya va sug‘urta sohasidagi yordamchi faoliyat mutaxassislari 24,896 million so‘m, kompyuter dasturlash, konsultatsiya va boshqa xizmatlar xodimlari esa 22,235 million so‘m oladi.

Ta’lim sohasida oliy o‘quv yurti o‘qituvchilarining o‘rtacha oyligi 12,047 million so‘m, texnik va professional ta’lim xodimlari 5,372 million so‘m, umumiy o‘rta ta’lim xodimlari 4,669 million so‘m, maktabgacha ta’lim xodimlari esa 2,721 million so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda o‘rtacha nominal ish haqi 6,82 million so‘m edi. Yetakchi Toshkent shahri bo‘lib, u yerda 11,7 million so‘m qayd etilgan edi.

Source: uznews.uz