Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘zga chiqib, energetika sohasidagi asosiy muammo moliyalashtirishda emas, balki tizim boshqaruvida ekanligini ta’kidladi.

Davlat rahbari so‘nggi o‘n yilda sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini, qonun va qarorlar qabul qilinib, xususiy sektor va xorijiy investorlar uchun imkoniyatlar yaratilganini qayd etdi. U investorlar bilan shaxsan uchrashib, ularning takliflarini eshitganini va har bir yirik loyiha uchun sharoit yaratilganini aytdi.

Natijada energetika sohasiga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, 9,5 gigavattli elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu ichki ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini berdi. Shuningdek, so‘nggi yillarda elektr va gaz tarmoqlarini yangilash uchun 30 trillion so‘m ajratildi, bu oldingi 25 yildagidan 6 baravar ko‘p.

Prezident: “Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!” — dedi. U barcha hududlarda tarmoq bir xil bo‘lsa-da, ayrim tumanlarda yaxshi ishlash, boshqalarida esa doimiy avariyalar kuzatilayotganini ta’kidlab, bu nazorat va intizomning har xilligi bilan bog‘liq.

Energetika vazirligi va uning quyi bo‘g‘inlaridagi rahbarlarda ijro va mas’uliyat yetishmasligi tanqid qilindi. Shu bois aholi va tadbirkorlar tizim rahbarlarining ishidan norozi. Prezident har bir rahbarning ishi odamlar hayotida sezilishi va tadbirkorlarning mushkulini oson qilishi kerakligini ta’kidladi.

Har yili yoz va qishda o‘nlab podstansiyalarda avariya bo‘lib, yuzlab transformatorlar yonib ketmoqda. Iyun-iyul oylarida 4 mingga yaqin avariya sodir bo‘lib, aholi va tadbirkorlar 8-10 soatgacha elektrsiz qolgan. So‘nggi besh yilda Shirin shahri, Yangihayot, Yakkasaroy va Ohangaron tumanlarida elektr iste’moli 2 barobardan ziyod oshgan, biroq mas’ullar tarmoqlarning yuklamani ko‘tara olmasligini oldindan hisobga olmagan.

Prezident har bir uzilish tadbirkorlar va iqtisodiyotga qancha zarar keltirgani hisoblanmaganini tanqid qildi. Hokimlar energiya iste’moli balansini aniq bilmagani uchun milliardlab mablag‘ havoga ketayotganini ko‘rsatib o‘tdi. Avvalroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov lavozimidan ozod etilib, uning o‘rnini Sherzod Xo‘jayev egallagan edi.

Source: www.gazeta.uz