Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident farmoni bilan Sherzod Xikmatullayevich Xodjayev energetika vaziri lavozimiga tayinlandi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Uning nomzodi bundan ilgariroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan. Xodjayev tizimga 2022-yil sentabridan beri rahbarlik qilib kelayotgan Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘rnini egalladi.

Sherzod Xodjayev faoliyatini 1998−2001-yillarda Energetika va elektrlashtirish vazirligida dasturchi-muxandis sifatida boshlagan. 2004-yildan 2010-yilgacha “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasida turli lavozimlarda ishlagan, 2017-yilgacha kompaniya direktori o‘rinbosari, 2018-yilgacha kompaniya direktori bo‘lgan.

U 2019−2023-yillarda energetika vazirining o‘rinbosari, 2023-yilda energetika vazirligi huzuridagi elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha loyiha ofisi direktori bo‘lib ishlagan. 2023-yil yanvar oyi o‘rtalarida mamlakatdagi energetika inqirozi tufayli o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Sherzod Xodjayev 2023-yildan hozirga qadar Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimida ishlab kelayotgandi. Agentlik 2023-yil oktabr oyida tashkil etilgan. 2021-yilda regulyatorni hukumatdan mustaqil, prezident va Oliy Majlisga hisobdor qilish taklif etilgan bo‘lishiga qaramay, organ Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

Source: www.gazeta.uz