Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda xonadonlarga o‘rnatilgan 300 mingta gaz va 234 mingta elektr hisoblagichi avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlariga ma’lumot uzatmayapti. Bu haqda 27-iyul kuni energetika sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Elektr energiyasi va tabiiy gazni avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlari — ASKUE va ASKUG joriy etilganiga to‘rt yildan oshdi. Biroq hozirga qadar 534 mingdan ziyod hisoblagich ma’lumot uzatish tizimiga ulanmagan yoki uni odatdagi tartibda ta’minlamayapti.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bu energiya resurslari iste’molini aniq hisobga olish va to‘lovlar nazoratini qiyinlashtirmoqda. Oqibatda ayrim hududlarda debitorlik qarzdorligi kamayish o‘rniga ortib bormoqda.

Xuddi shunday muammoga Gazeta muxbiri ham duch kelgan. Uning xonadoniga o‘rnatilgan gaz hisoblagichdagi modem nosoz holatga kelgani sababli bir yildan ortiq vaqtdan beri qurilma ma’lumotlarni avtomatik tarzda uzatmayapti. Natijada gaz xizmati xodimi har ikki-uch oyda uyga kelib, hisoblagich ko‘rsatkichlarini qo‘lda yozib oladi va tizimga kiritadi. Shundan so‘ng sarflangan gaz hajmi bo‘yicha hisob-faktura shakllantirilib, to‘lov amalga oshiriladi.

Gaz xizmati xodimi muammoni vaqtincha hal qilish uchun hisoblagichni yechib, ta’mirga yuborishni taklif qilgan. Biroq buning uchun avval gaz xizmati mutaxassisi va gaz quvurini vaqtincha plitasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab beradigan santexnikni topish talab etiladi. Bunday vaqtinchalik ulanishni o‘rnatish va keyinchalik uni yechish esa iste’molchi zimmasiga qo‘shimcha xarajat yuklaydi.

Yig‘ilishda prezident ayrim hokimlarda energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar mavjud emasligini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar darajasi 17,2 foizni tashkil etmoqda. So‘nggi olti oy ichida 4,8 mlrd kVt·soat elektr energiyasi yo‘qotilgan.

Andijon shahri, shuningdek Asaka, Yangiobod, Koson, Ko‘kdala, Boysun, Oltinsoy, Qo‘shtepa, Toshloq, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida elektr energiyasi yo‘qotishlari 25 foizdan oshib ketgan.

Prezident, shuningdek, ko‘plab rahbarlar energiya samaradorligi deyilganda faqat quyosh panellari o‘rnatishni tushunib yurganini qayd etdi. Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, agar binoning o‘zi energiya samaradorligi talablariga javob bermasa, bu maqsadga yo‘naltirilgan mablag‘lar samarasiz sarflanadi.

2024-yilda “Hududgazta’minot” elektron gaz hisoblagichlari batareya yoki aloqa tizimidagi nosozliklar tufayli ma’lumot uzatishdan to‘xtab qolishi mumkinligini ma’lum qilgan. Biroq bunday holatda hisoblagichlar 90 kun davomida soatlik va kunlik gaz iste’moli ko‘rsatkichlarini xotirasida saqlab qoladi. Aloqa tiklangach, ushbu ma’lumotlar avtomatik ravishda tizimga yuklanadi va qayta hisob-kitob qilishda inobatga olinadi. Kompaniya iste’molchilarga hisoblagich ko‘rsatkichlarini shaxsiy kabinetdagi ma’lumotlar bilan muntazam taqqoslab turishni tavsiya etgan. Agar ko‘rsatkichlarda tafovut yoki balans o‘zgarmasligi kuzatilsa, 1104 qisqa raqami yoki mahalla gaz xodimiga murojaat qilish lozim.

Toshkent shahar hokimligi ta’sis etgan “Texnopark” 2020-yil boshidan buyon Osten savdo belgisi ostida aqlli gaz hisoblagichlarini ishlab chiqarmoqda. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yil iyuliga qadar umumiy qiymati 5,28 trln so‘m (2021-yil 1-dekabr holatida Markaziy bank kursi bo‘yicha taxminan 507 mln AQSh dollari) bo‘lgan 3,54 mln dona elektron gaz hisoblagichini yetkazib berish rejalashtirilgan edi.

Source: www.gazeta.uz