IIV matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 54 yoshli Georgiy Sorokin Misrning Sharm ash-Shayx shahridan Toshkentga ekstraditsiya qilindi. U jinoyat olamida “Jora Toshkentskiy” va “Soroka” laqablari bilan tanilgan bo‘lib, bir necha yildan buyon turli jinoyatlar bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan.
O‘zbekistonda tug‘ilgan va Rossiya fuqarosi bo‘lgan Sorokin so‘nggi yillarda Dubayda yashagan. Uning yonidan Rossiya fuqarosining qalbaki pasporti topilgan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, u mazkur hujjatdan uzoq yillar davomida turli mamlakatlarga safar qilishda foydalanib kelgan.
Vazirlik ma’lum qilishicha, u 2021-yilda Toshkent shahrida Jumayev, Jo‘rayev va boshqa shaxslar bilan til biriktirib, umumiy qiymati 350 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan ikki uyni qo‘lga kiritgan. Buning uchun u uy egasini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘rqitgan, uni do‘pposlagan hamda oila a’zolariga nisbatan zo‘ravonlik ishlatgan. Keyinchalik ushbu uylar sheriklari nomiga rasmiylashtirilgani qayd etildi.
Sorokinga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. U O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Interpol orqali boshqa davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan hamkorligida qo‘lga olingan.
Xabarda qayd etilishicha, Sorokin ilk jinoyatini 1990-yilda, 18 yoshida sodir etgan va o‘shanda 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Keyinchalik u bir necha bor jinoiy javobgarlikka tortilgan hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa MDH davlatlari hududida sodir etgan jinoyatlari uchun jazo o‘tagan.
Source: www.gazeta.uz