Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Hazorasp tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Hazorasptumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlarining firibgarligi aniqlandi. Bu haqda departament matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bo‘lim xodimlari M.M. va muqaddam sudlangan E.B. o‘zaro til biriktirib, fuqaro O.I.ga nisbatan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha hisoblangan 309 million so‘mlik zararni 2500 AQSh dollari evaziga kamaytirib berishni va’da qilgan.
Ular kelishilgan pulning 1400 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan. Shuningdek, ushbu mablag‘ hisobidan 4,8 million so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz