Navoiy viloyatining Nurota va Navbahor tumanlari cho‘l hududlariga 778 ta yo‘rg‘a tuvaloq (hubara) qo‘yib yuborildi. Bu haqda Navoiy viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qushlar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Ekohudud va ovchilikni rivojlantirish departamenti davlat muassasasi, Navoiy viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda Falcon Hunting Solutions MCHJ ishtirokida o‘tkazilgan tadbir doirasida tabiatga chiqarildi.
Ular Birlashgan Arab Amirliklarining ixtisoslashtirilgan pitomnigida parvarishlanib, Dubay amirligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida mamlakatga olib kelingan.
Loyihadan maqsad yo‘rg‘a tuvaloqning tabiiy muhitdagi sonini ko‘paytirish va cho‘l ekotizimini saqlashga hissa qo‘shishdan iborat. Mutaxassislar bunday tadbirlar noyob qush turining sonini oshirish va cho‘ldagi bioxilmaxillikni saqlashga xizmat qilishini qayd etmoqda.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonning Orolbo‘yi hududida 672 bosh yo‘rg‘a tuvaloq tabiatga qo‘yib yuborilgan edi. Ular BAA prezidenti va Abu-Dabi hukmdori shayx Mansur bin Zaid Al Nahayyanning Qozog‘istondagi vakolatxonasiga tegishli bo‘lgan ixtisoslashtirilgan ko‘paytirish markazida boqib yetishtirilgan.
Yo‘rg‘a tuvaloqlari O‘zbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro uyushmasining Qizil kitobi hamda yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari savdosi to‘g‘risidagi CITES konvensiyasining I ilovasiga kiritilgan.
O‘zbekistonda bu qushlarning ko‘payishini asosan Birlashgan Arab Amirliklari moliyalashtiradi. Buxoro viloyatida qushlarni muhofaza qilish va ko‘paytirish Amirliklar markazi (Emirates Bird Breeding Center for Conservation), shuningdek, 2008-yildan buyon Navoiy viloyatida yo‘rg‘a tuvaloq qushlarini saqlash bo‘yicha “Amirliklarning Yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi” (Emirates Center for Conservation of Houbara) faoliyat olib boradi.
Ekologiya milliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘rg‘a tuvaloq asosan O‘zbekistonning Qizilqum cho‘lida, shuningdek, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Kavkaz orti, Misr, G‘arbiy Osiyo, Mo‘g‘ulistonda yashaydi.
Source: www.gazeta.uz