Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston energetika tizimini “noldan” isloh qilish, bunda asosiy e’tiborni infratuzilmani alohida xonadonlargacha modernizatsiya qilishga qaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 27-iyul kuni prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi boshqaruvining yangi raisi Sardor Isaqulov ma’lum qildi.

Sardor Isaqulovning so‘zlariga ko‘ra, elektr ta’minotidagi uzilishlar va yetkazib berish sifati bilan bog‘liq vaziyat “juda ayanchli ahvolda” qolmoqda. “Bugun muhtaram prezidentimiz tizimni noldan isloh qilishimizni aytib o‘tdi. Energetika sohasini noldan qurib boramiz”, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Sardor Isaqulovning ta’kidlashicha, manzilli dasturlar asosida infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun mas’ul shaxslarga har bir xonadongacha bo‘lgan darajada zarur yordam ko‘rsatiladi. Yig‘ilishda transformatorlar va havo elektr uzatish tarmoqlarining yuk markazlari hisobga olinmasdan joylashtirilgani tanqid qilindi. Oqibatda uskunalar nomutanosib o‘rnatilgan va har doim ham real iste’molga mos kelmagan.

Har bir hududga energetika kompaniyalari rahbarlari biriktiriladi. Ular debitorlik qarzdorligi yuqori va uzilishlar ko‘p kuzatilayotgan tumanlarga shaxsan yuboriladi. Ishni manzilli tarzda — har bir transformator, gaz ta’minotida esa har bir gaz taqsimlash punkti kesimida tashkil etish topshirildi.

“Sentabr oyiga qadar bu topshiriqlarning ijrosi so‘zsiz ta’minlanadi. Kuz-qishga tayyorgarlik mavsumi, qishga kirishda hali bizga to‘rt oy vaqtimiz bor. To‘rt oy vaqt ichida bir qancha ishlar amalga oshirishimiz mumkin. Shuning uchun har bir rahbar ko‘zini ochishi va bugungi kunda respublikamizdagi elektr ta’minotidagi uzilishlarga barham berilishi va kelgusida bunday uzilishlar bo‘lmasligi uchun omillari bilan kurashish bo‘yicha aniq topshiriq berildi”, — dedi Isaqulov.

Energetika vaziri Sherzod Xodjayev tizim xodimlari ish vaqtining 90 foizini bevosita mahallalarda, hududlarda va infratuzilma obyektlarida o‘tkazishi kerakligini ma’lum qildi. U uzluksiz elektr ta’minoti, iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi roziligini oshirish uchun zarur bo‘lgan aniq hisob-kitoblarni tayyorlashni asosiy vazifa deb atadi.

Uch oy muddatda Energetika vazirligi sohani takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini taqdim etishi kerak. “Bunda tizimga bozor tamoyillarini joriy etishni jadallashtirishimiz kerak. Sohada mahsulotlarni yetkazib berish, suyultirilgan gazdan boshlab, raqobat mexanizmlarini joriy qilish topshirig‘i berildi. Asosiy vazifalardan biri tarmoqlarni yangilash bo‘lsin, qarzdorlikni qisqartirish bo‘lsin, yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘lsin, hammasini hamkorlikda, bir yoqadan bosh chiqarib amalga oshirish topshirig‘i berildi”, — dedi Xodjayev.

Alohida e’tibor raqamlashtirishga qaratiladi. So‘z nafaqat hisob-kitoblar, elektr va gaz hisoblagichlari hamda billing tizimi ishini avtomatlashtirish, balki xodimlarni boshqarish haqida ham bormoqda. Xodimlarga vazifalar qo‘yish, hisobotlarni qabul qilish, kun davomida bajarilgan ishlar hisobini yuritish va mehnat unumdorligini baholashni to‘liq raqamlashtirish rejalashtirilmoqda.

Sherzod Xodjayev, shuningdek, kadrlar tayyorlash tizimi qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Energetika yo‘nalishi talabalarini oliy o‘quv yurtlari va soha korxonalari bilan hamkorlikda dual ta’lim bilan kengroq qamrab olish ko‘zda tutilmoqda. Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi bittadan texnikumda Sirdaryo viloyatining Shirin shahri tajribasi joriy etiladi.

Ushbu model yirik xorijiy investor o‘z hisobidan o‘quv muassasasini yangi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash uchun laboratoriya va poligonlar bilan jihozlashini, ta’lim dasturlari esa xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqilishini nazarda tutadi.

“Umuman olganda, tizimda juda katta o‘zgarishlar bo‘lishi shartligi va bu o‘zgarishlarni natijasi o‘laroq, iqtisodiyotga tizim berayotgan, qo‘shayotgan ulushini ortishi hamda aholi kayfiyatini ko‘tarish, deb belgilandi”, — dedi vazir.

2022-yilda Xodjayev energetika vaziri o‘rinbosari sifatida energetikani qanday isloh qilish rejalashtirilayotgani haqida gapirib bergandi. 27-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasi boshqaruvini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda tarmoqlar, podstansiyalar va uskunalarni yangilashga 30 trln so‘m yo‘naltirilganiga qaramay, avariyalar va uzoq davom etadigan uzilishlar saqlanib qolmoqda. Elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar yarim yilda 17,2 foizga yoki 4,8 mlrd kVt/soatga yetgan, 300 mingta gaz va 234 mingta elektr hisoblagich esa avtomatik tizimlarga ma’lumot uzatmayapti.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbarlari almashtirildi, bir qator yirik energokompaniyalar rahbarlariga esa yil oxirigacha sinov muddati belgilandi. Yangiyo‘l tumanida har bir mahalla, transformator va gaz taqsimlash punkti kesimida manzilli ishlash pilot tizimi ishga tushiriladi, shundan so‘ng ushbu tajribani butun mamlakat bo‘ylab ommalashtirish rejalashtirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz