Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bir qator xorijiy davlatlarning yangi tayinlangan elchilari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Vazir o‘zining Telegram-kanalida muzokaralar yakunlari haqida ma’lumot berdi.

Ozarbayjon elchisi Rashad Mamedov bilan uchrashuvda siyosiy muloqotning yuqori dinamikasini saqlab qolish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, transport va logistika sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Argentina elchisi Enrike Ignasio Ferrera Vieyra bilan uchrashuvda siyosiy muloqotni faollashtirish, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi institutsional asosdagi hamkorlikni mustahkamlash va ikki tomonlama munosabatlarning asosiy ustunlaridan biri sifatida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Gambiya elchisi Alkali Fank Konteh bilan uchrashuvda Afrika davlatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Portugaliya elchisi Sara Martinsh bilan uchrashuvda aprel oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Lissabonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish va mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Finlyandiya elchisi Yoxanna Mariya O‘gren bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Baxtiyor Saidov yangi elchilarga O‘zbekistondagi diplomatik missiyalarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Source: uznews.uz