Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni “Tashabbusli budjet” doirasida pul evaziga ovoz berishni taklif qilayotgan norasmiy Telegram-botlar va ularning reklamalariga ishonmaslikka chaqirdi.

Qo‘mita ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda norasmiy Telegram-botlar orqali “Tashabbusli budjet” jarayonida ovoz berish evaziga pul mukofoti va’da qilingan xabarlar tarqalmoqda. “Bu esa aholi orasida turlicha talqinlar va bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi, shuningdek, jarayonning shaffofligiga putur yetkazishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Qo‘mita olib borgan o‘rganishlar davomida ayrim blogerlar uchinchi shaxslar manfaati yo‘lida norasmiy botlar orqali ma’lum haq evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatgani aniqlangan. Bunday reklamalarda “rasmiy” degan so‘zlar hamda “Ochiq budjet” axborot portali logotipiga o‘xshash belgilardan foydalanilgani fuqarolarni chalg‘itishi mumkinligi qayd etildi.

Raqobat qo‘mitasi eslatishicha, “Tashabbusli budjet” doirasida ovoz berish faqat “Ochiq budjet” axborot portali, uning Android va iOS mobil ilovalari hamda Telegram’dagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, amaldagi tartibga ko‘ra, ovoz berish uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi va ovoz bergan fuqarolarga moddiy rag‘batlantirish nazarda tutilmagan.

Qo‘mita norasmiy botlardan foydalanish yoki ular orqali tarqatilayotgan ma’lumotlarga ishonish jarayonning to‘g‘ri tashkil etilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan monitoringlar davomida pul evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatgan bir qator blogerlar aniqlangan. Xususan, utkir_shodmonov (O‘tkir Shodmonov), Mominlive.1 (Abdurasul Ibrohimov), Aslbek_emir (Asilbek Amirov) va jasjannew (Jasur Shodiyev)ga ogohlantirish va tushuntirishlar berilgan, shuningdek, tegishli choralar ko‘rilib, mazkur reklamalar olib tashlangan.

Raqobat qo‘mitasi “Tashabbusli budjet” jarayonida qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan monitoringlar davom ettirilishini bildirdi. Qo‘mita fuqarolarni faqat rasmiy manbalarga ishonishga, shubhali takliflarga aldanmaslikka va bunday holatlarga duch kelganda vakolatli idoralarga xabar berishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, 15-iyuldan “Tashabbusli budjet” jarayonining 2026-yilgi ikkinchi mavsumi boshlandi. Bu loyiha joriy etilganidan buyon o‘tkazilayotgan 11-mavsum hisoblanadi. Loyihalar 3-avgustgacha qabul qilinadi, ovoz berish 22−31-avgust kunlari o‘tkaziladi, g‘oliblar esa 1-sentabr kuni e’lon qilinadi.

O‘tgan yili Iqtisodiyot va moliya vazirligi fuqarolarni “Tashabbusli budjet” platformasida ovoz berish uchun pul mukofotlari haqidagi va’dalarga ishonmaslikka chaqirgandi. Vazirlikka bu yo‘l bilan aldangan yuzlab fuqarolardan murojaatlar kelib tushgan.

Source: www.gazeta.uz