2026 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston aeroportlari tomonidan 64 831 ta reysga xizmat ko‘rsatildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 foizga ko‘proq. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi. Jami reyslarning 47 371 tasi xalqaro, 17 460 tasi ichki yo‘nalishlarga to‘g‘ri kelgan.
Yo‘lovchi tashish hajmi 8 153 470 kishini tashkil etib, 16 foizga oshgan. Xalqaro reyslardan 6 698 358 nafar, ichki yo‘nalishdagi reyslardan esa 1 455 112 nafar yo‘lovchi foydalangan. Yuk va pochta hajmi 51 546 tonnaga yetib, 2025 yilning birinchi yarmiga nisbatan 33 foizga ko‘paygan.
Eng katta tashish hajmi an’anaviy ravishda Toshkent xalqaro aeroporti hissasiga to‘g‘ri keldi. Mazkur aeroport 40 283 ta reysga (+7%), 5 364 282 nafar yo‘lovchiga (+17%) hamda 48 170 tonna yuk va pochtaga (+33%) xizmat ko‘rsatdi. Kompaniya poytaxt aeroportidagi o‘sish ko‘rsatkichlarini yo‘nalishlar tarmog‘ining kengayishi bilan bog‘ladi.
Hududiy aeroportlar orasida yo‘lovchi oqimining eng yuqori o‘sishi Andijon aeroportida qayd etildi (+2249%). Bunday keskin o‘sish aeroportning keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng faoliyatini qayta boshlagani bilan bog‘liq, deyiladi xabarda. Andijon aeroporti 2025 yil 20 mart kuni aerodrom majmuasi to‘liq yangilangandan so‘ng qayta ochilgan edi. Amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari zamonaviy keng fyuzelyajli havo kemalarini qabul qilish imkonini berdi. Shu sababli, 2026 yilning birinchi yarmi ko‘rsatkichlari aeroport hali to‘liq quvvat bilan ishlamagan davr bilan taqqoslanmoqda.
Shuningdek, Termiz (+52%), Urganch (+24%) va Nukus (+23%) aeroportlarida ham sezilarli o‘sish qayd etildi. Ushbu aeroportlarda yo‘lovchi oqimining oshishiga xalqaro yo‘nalishlarda yangi reyslarning ochilishi, shuningdek, sayyohlik mavsumida yuqori talab tufayli ichki qatnovlar sonining ko‘payishi sabab bo‘ldi.
Shu bilan birga, Farg‘ona (reyslar soni 11 foizga kam), Namangan (-11% yo‘lovchilar bo‘yicha), Qarshi (-6% reyslar bo‘yicha, -22% yo‘lovchilar bo‘yicha) va Navoiy (-27% yo‘lovchilar bo‘yicha) aeroportlarida ayrim ko‘rsatkichlarning pasayishi kuzatildi. Bu holat yo‘nalishlar tarmog‘i tarkibidagi o‘zgarishlar, ayrim yo‘nalishlarda talabning qayta shakllanishi, shuningdek, joriy geosiyosiy vaziyat ta’sirida aviakompaniyalar tomonidan parvoz jadvallarining qayta ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq, deyiladi Uzbekistan Airports xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston aeroportlari 4 millionga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19 foizga ko‘pdir.
Source: www.gazeta.uz