Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari haqida xabar berish uchun 1246 qisqa raqamli ishonch telefonini ishga tushirdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik fuqarolarni quyidagi holatlarga guvoh bo‘lganlarida zudlik bilan ishonch telefoniga murojaat qilishga chaqirdi: jismoniy zo‘ravonlik, ruhiy bosim, jinsiy zo‘ravonlik, e’tiborsizlik va boshqa shakllardagi bolalar huquqlarining buzilishi.
Idora murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanishini ta’kidladi. Hozirda koll-markaz test rejimida ishlamoqda.
“Har bir bola xavfsiz va mehrga to‘la muhitda ulg‘ayish huquqiga ega… Sizning bitta qo‘ng‘irog‘ingiz bir bolaning hayotini o‘zgartirishi mumkin. Birgalikda bolalarni himoya qilaylik”, — deyiladi agentlik xabarida.
Source: www.gazeta.uz