Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari narkotik moddalar, psixotrop vositalar va kriptoaktivlarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatni aniqladi.
Xususan, HST, VEK, RBMT kompaniyalarining mansabdor shaxslari va boshqa shaxslar narkotik va psixotrop moddalarni noqonuniy savdosi natijasida olingan pul mablag‘larini legallashtirish sxemasini tashkil qilgan.
TESLA SHOP xalqaro guruhiga tegishli 58 Telegram-bot orqali 20,9 milliard so‘mlik narkotik va psixotrop moddalar sotilgan.
Ushbu pullar O‘zbekiston banklarida 14 nafar xorijiy fuqaro nomiga ochilgan 90 ta soxta bank kartalariga o‘tkazilgan. Shundan 8 milliard so‘m Paynet sohasida faoliyat yurituvchi «HST» va «VEK» MCHJga, 4,7 milliard so‘m esa CP kriptomagaziniga yo‘naltirilgan.
Keyinchalik mablag‘lar ushbu kompaniyalarning hisob raqamlariga o‘tkazilib, ular orqali aholiga jami 621,2 milliard so‘mlik Paynet xizmatlari ko‘rsatilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, ushbu yo‘l bilan ishtirokchilar 90,3 milliard so‘m soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan.
Bundan tashqari, jinoiy yo‘l bilan olingan mablag‘lar hisobidan 50,5 million dollarlik kriptoaktivlarning noqonuniy aylanishi amalga oshirilgan. Shu summaning 2,4 million dollarlik kriptoaktivlari 14 nafar xorijiy fuqaroning valyuta hisoblariga o‘tkazilib, bu jinoiy daromadlarni legallashtirish sifatida kvalifikatsiya qilingan.
Ushbu fakt bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.
Source: www.uznews.uz