Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2026-yilning birinchi yarmida “E-qaror” tizimida “yashirilgan” maqomida qabul qilingan 19 495 ta qaror va farmoyish o‘rganildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi monitoringi natijasida 775 ta hujjat asossiz ravishda yopiq qilingani aniqlanib, mahalliy davlat hokimiyati organlariga 42 ta taqdimnoma kiritildi.

Agentlik mas’ul xodimi Jo‘rabek Beshimovning aytishicha, monitoring tizimi joriy etilganidan so‘ng ochiqlanmaydigan hujjatlar soni o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Xususan, Toshkent shahrida yopiq hujjatlar soni 13 foizga, Farg‘ona viloyatida 6 foizga, Surxondaryo va Andijonda 5 foizga, Buxoro, Namangan viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 foizga qisqargan.

Agentlik rahbari Akmal Burxanovning ta’kidlashicha, taqdimnoma faqat “biz ko‘rdik, ochiqlanibdi” degani emas. Unda tashkilotga aniq talablar qo‘yiladi: qaror nima uchun yopiq qilinganini tushuntirish, uni qisqa muddatda ochiqlash va mas’ul xodimga nisbatan chora ko‘rish talab etiladi. 10 kun ichida ko‘rilgan choralar haqida agentlikka axborot taqdim etilishi shart.

Burxanovning so‘zlariga ko‘ra, agentlik kiritgan barcha taqdimnomalar bajarilgan: yopiq hujjatlar ochiqlangan va mas’ullarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgan. Shu bilan birga, ma’muriy javobgarlik qo‘llanilmayotganiga izoh berib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda hozircha bunday holat uchun alohida norma yo‘qligini, ammo tegishli o‘zgartishlar loyihasi tayyorlanganini ma’lum qildi.

Avvalroq, Gazeta 2026-yil 1-yarmida hokimliklar qabul qilingan 24,2 mingta hujjatning 28,5 foizini oshkor qilmaganini, shu jumladan 1,5 trln so‘m ($125 mln) ajratish haqidagi 692 ta qaror ham yopiq qolganini yozgan edi. O‘tgan yili Toshkent shahar hokimligi qarorlarining 67 foizdan ortig‘i jamoatchilik uchun yopiq bo‘lgan.

Source: www.gazeta.uz