Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev, Jazoni ijro etish departamentining sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov hamda yana 28 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudda yopiq tartibda ko‘riladi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudi sudyasi Sanjar Mahametov ma’lum qildi.
Oliy sud saytida mazkur ish 29-iyul kuni soat 10:00 da Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudida ko‘rilishi belgilangani e’lon qilingan. Gazeta muxbirining xabar berishicha, shu asosda Gazeta, Kun, Qalampir, Uzdiplomat va Vaqt nashrlari muxbirlari hamda operatorlari jarayonni yoritish uchun bordi.
Onlayn xaritalarda sud binosi deya ko‘rsatilgan joyda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining tuman bo‘limi joylashgani ma’lum bo‘ldi. Sud binosi esa 2−3 kilometr uzoqlikdagi yangi manzilga ko‘chgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudi devonxonasi xodimlari sud zallari torligi sababli ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida ko‘rilayotganini ma’lum qilgach, OAV vakillari shu manzilga yo‘l oldi.
Sudya yordamchisi jurnalistlarni iliq qabul qildi va majlisdan oldin sudlanuvchilarning yaqinlari ular bilan uchrashib chiqishi, keyin OAV vakillari zalga kirishi mumkinligini aytdi. Qarindoshlar chiqqandan keyin jurnalistlar va operatorlar sud zaliga kirdi. Sudlanuvchilardan uch-to‘rt nafari jurnalistlarni ko‘rib, ularning chiqib ketishini iltimos qildi.
Sudya zalga kirib kelgach, advokatlardan biri jurnalistlarning kimligi so‘rab, ular qanday maqsadda kelganiga e’tiroz bildirdi. Sudya Sanjar Mahametov ularning matbuot vakillari ekanini aytdi, ammo advokat ishda davlat siri mavjudligini aytib, OAV vakillarini zaldan chiqarishni so‘radi.
Sudya sud yopiq tartibda o‘tkazilishini bildirib, jurnalistlardan zalni tark etishni so‘radi. Tashqarida sudya yordamchisi mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni ancha oldin boshlangani va bugungi majlis beshinchisi ekanini ta’kidladi.
Kunning ikkinchi yarmida Toshkent shahar sudlari axborot xizmati jamoatchilik e’tiborida bo‘lgan bir nechta jinoyat ishlarining sudlari nega yopiq tarzda o‘tayotganiga izoh berdi. Unga ko‘ra, Bekmurod Abdullayev va yana 29 kishiga oid jinoyat ishi, Davlat aktivlari agentligi sobiq direktori Akmal Ortiqov va yana 6 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi hamda 90 mln dollar miqdorida zarar ko‘rilgani aytilayotgan Koreya ishiga aloqador Alijon Ashurov va yana 3 kishiga oid jinoyat ishlarida shaxsiy hayotga oid hamda qonun bilan muhofaza etiladigan boshqa ma’lumotlar mavjud. Shu sababli sud ajrimlariga asosan, jarayonlar yopiq sud majlislarida ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Rasmiy xabarda qayd etilishicha, bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonlari yakuni yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi.
Bir kun avval, 28-iyul kuni, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida agentlik rahbari Akmal Burxanov Gazeta muxbirining davlat xizmatchilarining korrupsiyaga oid jinoyat ishlari sudda yopiq tartibda ko‘rilayotgani haqidagi savoliga javob bergandi. Uning aytishicha, korrupsiyaga oid barcha sudlar yopiq o‘tkazilayotgani haqidagi fikr to‘g‘ri emas. Misol sifatida u “O‘zbekneftgaz” hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq mansabdorlariga oid jinoyat ishlari ochiq tartibda ko‘rilayotganini keltirdi.
Akmal Burxanov: “To‘g‘ri, prezident farmonlarida ijtimoiy ahamiyatga ega, jamoatchilikda keng muhokama qilingan korrupsiyaga oid ishlar sudda ochiq ko‘rilishini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Lekin ikkinchi tomondan Jinoyat-protsessual kodeksi talablari ham bor. Ayrim hollarda ishning xususiyati va protsess ishtirokchilarining roziligiga qarab sud majlisi yopiq o‘tkazilishi mumkin”, — deydi.
Uning ta’kidlashicha, agentlik korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idora sifatida bunday ishlarning borishi haqida jamoatchilik xabardor bo‘lishini ta’minlashga harakat qiladi. “Bundan keyin ham sudga oshirilayotgan korrupsiyaga oid ishlar imkon qadar ochiq ko‘rilishi uchun harakat qilamiz. Agar jurnalistlar yoki blogerlar uchun qandaydir to‘siqlar yuzaga kelsa, agentlik tomonidan ularga ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz”, — deydi.
Sud ro‘yxatiga ko‘ra, Bekmurod Abdullayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismining “a” va “b” bandlari, shuningdek, 3-qismining bir nechta bandlari bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Rustam Tursunovga esa 167-moddaning 2-qismi “a” va “b” bandlari, 3-qismining “a” va “v” bandlari, shuningdek, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish) 2-qismining “a” va “b” bandlari bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan.
Jami 30 nafar sudlanuvchilar orasida davlat lizing kompaniyasi Qurilishmashlizing boshqaruv raisi Farrux Abdurahimov, sobiq Mexmash korxonasi rahbari Farhodjon Jo‘rayev va ochiq tijorat ma’lumotlariga ko‘ra Navoiy viloyatidagi 11-son jazoni ijro etish koloniyasi rahbariyati bilan bog‘langan Dilshod Tashev ham bor. Ixtiyor Malikov esa avvalroq yo‘l chizish mashinasi, interaktiv jihozlar va boshqa xaridlar bo‘yicha o‘tkazilgan tenderlarda mas’ul shaxs hamda xarid komissiyasi kotibi sifatida qayd etilgan.
167 va 205-moddalardan tashqari, ayrim shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining boshqa moddalari bo‘yicha ham ayblovlar qo‘yilgan. Jumladan, ularga soxta tadbirkorlik (179-modda), soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (184-modda), savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish (189-modda), mansab soxtakorligi (209-modda) hamda jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirish (243-modda) kabi ayblovlar ilgari surilgan. Ayrim sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining bir vaqtning o‘zida oltita moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Bekmurod Abdullayev 2021-yil aprel oyidan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimida ishlagan. U 2025-yil 3-noyabr kuni lavozimidan ozod etilgan. Shundan so‘ng sobiq vazir o‘rinbosariga nisbatan tergov boshlangani va u qamoqqa olingani ma’lum bo‘lgan. Bekmurod Abdullayev tadbirkor, BA Holding asoschisi va hozirda “O‘zmetkombinat” rahbari bo‘lgan Baxodir Abdullayevning ukasi hisoblanadi.
Rustam Tursunov 2017—2018-yillarda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga rahbarlik qilgan, keyin esa Navoiy viloyati IIB boshlig‘i bo‘lgan. 2021-yil fevral oyida u Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i etib tayinlangan. 2025-yil noyabr oyi boshida esa Bekmurod Abdullayev bilan bir vaqtda lavozimidan ozod qilingan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlarida budjet mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlanganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 186 mlrd so‘mlik mablag‘ talon-toroj qilingan. Davlat rahbari Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunovga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini aytgan.
Source: www.gazeta.uz