Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markaziy bankning Valyutani tartibga solish va nazorat departamenti direktori Otabek Tojiddinov 29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining O‘zbekistonga pul o‘tkazmalariga ta’siri haqidagi savolga javob berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 9,3 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga ko‘pdir. “Zolotaya Korona” orqali mamlakatga 2,4 milliard dollar kelib tushgan, bu esa olti oy davomida amalga oshirilgan barcha xalqaro pul o‘tkazmalarining qariyb 26 foizini tashkil qiladi.

Tojiddinovning ta’kidlashicha, “Zolotaya Korona” orqali O‘zbekistonga mablag‘lar faqat Rossiyadan kelmaydi, balki Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Yevropa Ittifoqi davlatlari va boshqa mamlakatlarda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari va o‘zbek diasporasi vakillari ham foydalanadi.

“Mamlakatimiz tijorat banklari „Zolotaya Korona“ rahbariyati bilan kelishgan holda texnik operatorni sanksiyalarga tushmagan boshqa bankka o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Kelasi haftadan boshlab yangi operator orqali ish boshlanishi kutilmoqda”, — dedi Markaziy bank vakili.

U yuzaga kelgan vaziyatning O‘zbekistonga bevosita ta’sirini ahamiyatsiz deb baholadi va Markaziy bank va tijorat banklari operatsiyalarni imkoni qadar tezroq tiklash uchun zarur choralarni ko‘rayotganini ma’lum qildi. Tojiddinovning aniqlik kiritishicha, sanksiyalar “Zolotaya Korona” tizimining o‘ziga emas, balki operatsiyalar amalga oshirilgan bankka nisbatan joriy etilgan.

Markaziy bank vakilidan pul o‘tkazmalari tizimi ishtirokchilariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar asosiy stavkaning 14 foiz darajasida saqlab qolinishiga ta’sir ko‘rsatgan-ko‘rsatmagani haqida ham so‘raldi. Tojiddinovning javob berishicha, bu omil Markaziy bank modelida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobga olinmagan, chunki uning O‘zbekistonda iste’mol tovarlari narxlariga ta’siri ahamiyatsiz deb baholanmoqda.

Pul o‘tkazmalari tizimi atrofidagi cheklovlar fonida Rossiyaning “Servis” kompaniyasi O‘zbekistonning Parapay to‘lov tashkilotidagi aksiyalarning 100 foizini sotib oldi. Bu haqda Pinkod.uz Yagona korporativ axborot portali ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, xaridor Parapay’ning butun ustav kapitaliga teng bo‘lgan 20 million 428 ming 996 dona aksiyani qo‘lga kiritgan. Ularning umumiy nominal qiymati 20,43 mlrd so‘m etib ko‘rsatilgan. Biroq bitimning haqiqiy qiymati va to‘lov shartlari ochiqlanmagan.

Parapay hamda uning yangi aksiyadori bitim haqida 23-iyul kuni — Yevropa Ittifoqi navbatdagi sanksiyalar paketini tasdiqlagan kuni xabardor qilingan. Bu haqdagi ma’lumot 27-iyul kuni e’lon qilingan.

“Servis” kompaniyasi “Zolotaya Korona” brendining bevosita operatori hisoblanmaydi. Biroq, Pinkod.uz ta’kidlashicha, ochiq korporativ reyestrlarda u “Platyojnыy sentr” (OOO)ning — “Zolotaya Korona” tizimining operatori va asosiy hisob-kitob markazining yagona muassisi sifatida ko‘rsatilgan.

Bitimga qadar Parapay aksiyalari O‘zbekistonning to‘rt nafar fuqarosiga tegishli bo‘lgan: Ibrohim Fathullayev — 54,33%, Izzatulla Fathullayev — 23,5%, Dilmurod Fathullayev — 17,06%, Ziyovuddin To‘laganov — 5,1%. Shu tariqa, to‘lov tashkiloti ustidan nazorat mahalliy jismoniy shaxslardan Rossiya kompaniyasiga o‘tgan.

Parapay 2022-yil may oyida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 2023-yil aprel oyida to‘lov tashkiloti sifatida faoliyat yuritish uchun Markaziy bank litsenziyasini olgan.

Pinkod.uz qayd etishicha, litsenziyaga ega mahalliy kompaniyaning sotib olinishi yangi mulkdorga O‘zbekistondagi banklar, milliy to‘lov tizimlari va foydalanuvchilar bilan integratsiya qilish uchun tayyor huquqiy hamda texnologik platformani taqdim etishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi 23-iyul kuni Rossiyaga qarshi energetika, moliya va kriptovalyuta sohalarini qamrab olgan 21-sanksiyalar paketini tasdiqladi. Sanksiyalar ro‘yxatiga “Platyojnыy sentr” (OOO) — “Zolotaya Korona” to‘lov tizimining operatori va hisob-kitob markazi, shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalarining bir qismi amalga oshirilgan “Sifra Bank” ham kiritildi.

Cheklovlar joriy etilgach, servis ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatdi. Natijada Rossiyadan Gruziya, Armaniston va boshqa ayrim davlatlarga pul o‘tkazish imkoniyati cheklandi.

O‘zbekistonda “Asakabank” “Zolotaya Korona” orqali pul jo‘natish va qabul qilish xizmatlari vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bank buni texnik ishlar bilan izohlab, cheklovlarni sanksiyalar bilan bevosita bog‘lamadi va xizmat qachon tiklanishi haqida ma’lumot bermadi.

Avvalroq Markaziy bank 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 18,9 mlrd dollarni tashkil etgani, bu esa 2024-yilga nisbatan 27,2 foizga ko‘p ekanini ma’lum qilgan edi. Shundan 9,9 mlrd dollar yoki umumiy hajmning 52 foizi an’anaviy xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali amalga oshirilgan. Yana 8,6 mlrd dollar yoki 46 foizi bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri P2P o‘tkazmalari hissasiga to‘g‘ri kelgan, 397 mln dollar esa oddiy bank o‘tkazmalari orqali amalga oshirilgan.

Source: www.gazeta.uz