Qoraqalpog‘iston vakillari Isroil ekspertlari bilan qurg‘oqchil hududlar uchun innovatsion yechimlar va iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalarini muhokama qildi. Tomonlar qo‘shma loyihalar bo‘yicha memorandum tayyorlashga kelishib oldi.
Onlayn uchrashuvda suv tanqisligi va cho‘llanish jarayonlariga duch kelgan hududlar uchun texnologiyalar ishlab chiqishga ixtisoslashgan Isroilning DeserTech and Climate Innovation Center rahbariyati ishtirok etdi.
Muzokaralarda Qoraqalpog‘iston ekologiya va ta’lim sohasi mutaxassislari, shuningdek, O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi xodimlari qatnashdi.
Isroil tomoni suv tanqisligi, cho‘llanish va iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan aziyat chekayotgan hududlar uchun innovatsion yechimlar yaratish bo‘yicha o‘z ishlanmalari va tajribasini taqdim etdi.
O‘z navbatida, Qoraqalpog‘iston vakillari mintaqada ekologik vaziyatni yaxshilash, ilm-fanni rivojlantirish va iqlim xavflarini kamaytirish bo‘yicha amaldagi loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikka qiziqish bildirib, kelgusidagi qo‘shma loyihalar uchun asos bo‘ladigan uch tomonlama memorandum tayyorlashni boshlashga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo besh yillik qurg‘oqchilik tufayli misli ko‘rilmagan suv tanqisligini boshdan kechirmoqda. 2021-2025 yillar mintaqa uchun 1981 yildan beri eng issiq davr bo‘ldi va tuproq namligi tarixiy minimal darajaga yetdi.
Source: podrobno.uz