Mirabod tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Sollihjon Ibrohimovga nisbatan ishni ko‘rib chiqdi. U ijtimoiy tarmoqda zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi video joylashtirgan.
Ish materiallariga ko‘ra, S. Ibrohimov o‘zining Instagram akkauntida mashg‘ulot videosini e’lon qilib, unga «Kelajakda xotinim faqat aniq zarbalarni olishi uchun mashq qilaman» degan yozuv qo‘shgan. Nemolchi.uz loyihasi rahbari Irina Matviyenko ichki ishlar organlariga murojaat qilib, unga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishni so‘ragan.
Sud majlisida S. Ibrohimov aybini tan olib, pushaymon bo‘lgan va suddan yengillik so‘ragan.
Sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-1-moddasi (Zo‘rlik, zo‘ravonlik yoki shafqatsizlik kultini targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) bo‘yicha aybdor deb topgan. Jazo tayinlashda pushaymonligi va ishning boshqa holatlari hisobga olingan.
Sud qarori bilan S. Ibrohimovga 60 BHM (24,72 million so‘m) miqdorida jarima solingan. Shuningdek, sud ayblanuvchining iPhone 15 Pro Max mobil telefonini davlat daromadiga musodara qilishga qaror qilgan.
Source: uznews.uz