Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentning Lolazor mahallasiga tashrif buyurib, u yerdagi turar-joy hovlilarida amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining qonuniyligini shaxsan o‘rganib chiqdi. Uning Telegram-kanalida e’lon qilingan videoda aytilishicha, ushbu holat “jinoyat” ekanligi ta’kidlangan.
Videoda Saida Mirziyoyeva mahalladagi vaziyatdan noroziligini bildirib, “Nima balo? Gap-so‘z, butun shahar, butun OAV gapirib yotibdi. Kim nima qurmoqchi bu yerda?” — deb so‘raydi. Ushbu so‘zlar bilan u qurilish loyihalari atrofidagi shov-shuvga e’tibor qaratdi.
Prezident administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Azimov aniqlik kiritdi: “Xususiy tadbirkor investitsiya kiritaman deb mana bu holatga olib kelgan. 2023-yilda yana o‘rayapti mana bu zabor bilan. O‘rab turib mahalla binosini buzyapti. Mana bu maydonchani ham buzib tashlayapti. Ana u tarafida bolalar maydonchasi bo‘lgan bizda. O‘rtada favvora bo‘lgan”.
Saida Mirziyoyeva bunga javoban: “Bular o‘rganib olibdi-da, — dedi. — Birinchi qarashadi, keyin tashlandiqqa aylantirishadi. Keyin yopishadi sekin, daraxtlarni kesib yo‘qotishadi, betonlashadi (atrofdagilar bosh irg‘iydi). Shu bilan mana qarabsanki, zo‘r uchastka. Atrofdagilar ham: „Ha, mayli, bo‘pti, bir balo bo‘lsin, bunaqa yotgandan ko‘ra“, deydi”.
U shahar prokurori Anvar O‘rmonovga murojaat qilib: “Siz shahar prokurorisiz. Qarang bu masalalarga. Kim qaraydi, sizlar qaramasalaring? Bu nima degan gap? Bu jinoyat-ku bu. Xalq kimdan norozi bo‘ladi? Bu hammasi, bu atrofdagi nechta odam bu yerda yashaydi?” — dedi. Poytaxt prokurori javob berdi: “Shug‘ullanamiz, Saida Shavkatovna, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biz xabar topganimiz zahoti…”
Saida Mirziyoyeva Aziz Azimovga “Sledi za etim (shuni nazorat qil — tahr.)” dedi. So‘ngra butun shahar bo‘ylab xatlov o‘tkazishni topshirdi: “Ana endi qarang, men sizga shu topshiriqni berdim. Butun shaharda xatlov qiling. Xalqqa qaytarib bering buni. Bu xalqniki-ku! Hech kim, hech qanaqa tanish-bilish bo‘lmasin. Kuzating. Bularning orqasidan baribir ham qanaqadir kuchlar bor-da, yigitlar. Ponimayesh? „Prostoy“ odamlar bu ishni qila olmaydi. G‘o‘ddaygan, o‘zidan ketgan „blatnoylar“ bu ishni qiladi”.
Prokuror “Pokazatelno nakajem (Boshqalarga ibrat bo‘lishi uchun jazolaymiz — tahr.)” dedi. Aziz Azimov esa: “Hozir aytganingizdek, javobgar qilib, qonuniy chora ko‘rib, hamma zaborini oldirib tashlaymiz. Tekislab, bu yerga bolalar maydonchasini tiklab, odamlarga joyini qaytarib beramiz”, — deb va’da berdi.
Saida Mirziyoyeva shahar hokimligi vakillariga dizayn kodiga e’tibor qaratishni buyurdi: “Archa bayram qilib yubormanglar. Shaharda dizayn kodini o‘ylash kerak. Bu muhim masala”. Poytaxt hokimining qurilish, to‘siqsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov “To‘ppa-to‘g‘ri, u bor, dizayn kodi” deb javob berdi. Ammo Saida Mirziyoyeva e’tiroz bildirdi: “Men ko‘rib turibman sizlarning dizayn kodlaringni, sharmanda, hamma joy gul bosib ketgan”.
U qo‘shimcha qildi: “Men aytgandek, na „blatnoy“ qoladi, na o‘zidan ketgan qoladi. Jazo muqarrar. Rahbarimiz gapirgan gap. Hamma teng, ponyatno? Sizlar qarab beringlar. Bo‘ptimi?” — dedi. Prokuratura vakillariga ishonch bildirib: “Sizga ishonyapman. Siz ham o‘zingizni ko‘rsating”, — dedi. Rahmonovga murojaat qilib: “Siz ehtiyot bo‘ling, dizayn kod va hokazolar. Hokimga yetkazing, mana bunaqa sharmanda qilmasin”, — dedi. Rahmonov “Xo‘p bo‘ladi. Xo‘p bo‘ladi” deb javob berdi.
Source: www.gazeta.uz