Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyatining Marhamat tumanida bank xizmatlari markazi rahbari va “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mashinisti davlat zaxirasidagi yerni rasmiylashtirib berishni va’da qilib, 39 ming dollar talab qilganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ular o‘zaro til biriktirib, 37 yoshli fuqaroning ishonchiga kirgan. Marhamat tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 24 sotix yer maydonining go‘yoki turar joy toifasiga oid hujjatlari mavjudligini aytgan. Shuningdek, mansabdor tanishlari orqali mazkur yerni kelgusida fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 39 ming dollar talab qilgan.

DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mashinist oldindan 25 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX fuqarolarni bunday qonunbuzilish holatlariga duch kelganda idoraning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Avvalroq Buxoro va Qashqadaryoda yer maydonlarini rasmiylashtirish evaziga pora olishda gumonlanib, ikki mansabdor ushlangan edi.

Source: www.gazeta.uz