Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Farg‘ona viloyatida aholiga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hajmiga oid soxta ma’lumotlar taqdim etish orqali davlat budjetidan 12,9 mlrd so‘m ortiqcha subsidiya ajratilishiga erishilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati “Issiqlik ta’minoti” MCHJ 2024−2025-yillar hamda 2026-yilning yanvar-may oylarida aholiga amalda 85,7 ming Gkal issiqlik energiyasi yetkazib bergan. Biroq, departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, korxona mansabdor shaxslari viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasiga taqdim etilgan hujjatlarda go‘yoki 212,3 ming Gkal issiqlik energiyasi yetkazib berilgani haqida soxta ma’lumotlarni kiritgan.

Departament ma’lumotiga ko‘ra, shu tariqa davlat budjetidan 12,9 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha subsidiya mablag‘lari ajratilishiga erishilgan va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazilgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda isitish tizimi uchun imtiyozli to‘lovni faqat bir xonadon uchun 60 kv. m yoki har bir yashovchi uchun 16 kv. m maydon chegarasida saqlab qolish taklif etilgandi. Normadan ortiqcha maydon uchun bazaviy tarif bo‘yicha amaldagi to‘lovdan 5,1 baravar yuqori narxda to‘lov undirish nazarda tutilmoqda.

2025-yil iyul oyida “Issiqlik ta’minoti” raisi Ilhom To‘rayev O‘zbekistonda 2030-yilga borib isitish va issiq suv uchun subsidiyalar to‘liq bekor qilinishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tariflar yiliga bir yoki ikki marta oshiriladi. U bu subsidiyalar hajmini bosqichma-bosqich qisqartirish imkonini berishini ta’kidlagan.

Source: www.gazeta.uz