Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi Shayxontohur tumanida ommaviy daraxt kesilishi haqidagi xabarlar yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalarini e’lon qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda 400 ga yaqin daraxt kesilgani haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmadi, biroq ekologik qonunchilik buzilishi aniqlandi.

Tekshiruvga sabab bo‘lgan xabarlarda ushbu hududda 400 daraxt kesilgani aytilgan edi. Shahar ekologiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, green.tashkent.uz elektron bazasida ushbu maydonda 112 daraxt ro‘yxatga olingan. Shuningdek, tarqalgan video may oyi oxirida olingani, inspektorlar esa 1-iyun kuni joyiga chiqqani aniqlangan.

Tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, tadbirkor yer uchastkasini 2017-yilda sotib olgan, o‘shanda u yerda daraxtlar bo‘lmagan. Keyinchalik mahalliy fuqaro o‘z mablag‘i hisobidan ikki-uch yillik mevali va manzarali daraxtlar ekkan. Biroz vaqt o‘tgach, u o‘zi ularni kesishni tashkil qilgan. Ekologlar ma’lumotiga ko‘ra, ishchilar jalb qilingan holda 45 daraxt noqonuniy kesilgan, yana 35 yosh ko‘chat boshqa tumanga ko‘chirilgan, biroq bu amaldagi talablar buzilgan holda amalga oshirilgan.

Yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar uchun fuqaro 10,3 million so‘m miqdorida jarimaga tortilgan. Bundan tashqari, tabiatga yetkazilgan zarar qariyb 50 million so‘m deb baholangan.

24-iyun kuni o‘tkazilgan navbatdagi tekshiruvda Golden Art House hududida yana uchta noqonuniy kesilgan daraxt aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha materiallar huquqiy baholash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.

Idora ta’kidlashicha, tarmoqda tarqalayotgan “400 daraxt kesilgan” degan ma’lumotlar tasdiqlanmagan va ishonchli ma’lumotlarga tayanishga chaqirgan.

Avvalroq ekologlar Surxondaryo ilmiy-tajriba stansiyasi hududida ommaviy daraxt kesilishi haqidagi xabarlarga izoh bergan edi. Ma’lum bo‘lishicha, ko‘kalamzorlar kesilmagan, ularni kuchli shamol yiqitgan.

Source: podrobno.uz