Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri va viloyati hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi o‘zanida yirik noqonuniy qazib olish holati aniqlandi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lumotiga ko‘ra, ruxsatnomasiz 101,2 ming kub metr qum-shag‘al qazib olinib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,9 trln so‘m zarar yetkazilgan.

Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “B.I.” MCHJ mas’ul shaxslari Chirchiq daryosi o‘zanidan maxsus texnikalar yordamida tegishli ruxsatnoma olmasdan noruda foydali qazilma hisoblangan qum-shag‘al xomashyosini qazib olgani aniqlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, noqonuniy ravishda qazib olingan qum-shag‘al hajmi 101,2 ming kub metrni tashkil etgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur harakatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,9 trln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) va 192-11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ushbu jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda Zarafshon daryosidan qum-shag‘al qazib olganlar tabiatga 295 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgan edi. Bu holat tabiiy resurslarni muhofaza qilish borasidagi nazoratning yanada kuchaytirilishi zarurligini ko‘rsatmoqda.

Source: www.gazeta.uz