Prezidentning “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari “Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy reabilitatsiya markazlari” deb qayta nomlanadi.
Shuningdek, uysizlarni sud qarori asosida bunday markazlarga joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab uysizlar ijtimoiy markazlarga faqat o‘z roziligi bilan joylashtirilishi mumkin bo‘ladi.
Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar vaqtinchalik uy-joy, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena vositalari bilan ushbu markazlarga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ta’minlanadi. Bunday fuqarolar, shuningdek, individual rejalarga muvofiq ijtimoiy xizmatlar va yordam hamda boshqa qo‘llab-quvvatlash choralarini oladi.
2026-yil 1-oktabrdan boshlab ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan uysizlar qonunchilikda belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi. Ularni kasbiy tayyorlash uchun tuman (shahar) qashshoqlikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari maxsus vaucherlar beradi.
Ijtimoiy markazlarda bo‘lish davrida uysizlar ushbu muassasadagi vaqtinchalik yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.
Uysizlarning vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq davlat boji “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralar haqida e’lon qilgandi.
Source: uznews.uz