Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 14-iyul kuni Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 32 yoshli fuqaro A.M.ga nisbatan hukm chiqardi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u yollanma sifatida ishtirok etgani uchun Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ish materiallariga ko‘ra, A.M. 2020-yil dekabrda ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. 2024-yil iyulda Lipetsk viloyati sudi uni 6,84 gramm geroin saqlaganlikda ayblab, 9 yil 6 oyga qamagan. Jazoni o‘tash chog‘ida unga muddatidan oldin ozod qilish, Rossiya fuqaroligi berish, 1,2 million rubl bir martalik to‘lov va oyiga 210 ming rubl maosh va’da qilingach, 2025-yil 22-avgustda Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik harbiy shartnoma imzolagan.

Shundan so‘ng u jazoni o‘tashdan ozod qilinib, 91704-sonli harbiy qismning 144-diviziyasi 254-polki shturm otryadiga o‘qchi etib tayinlangan. 2025-yil avgustda Luganskka yuborilib, 15 kunlik tayyorgarlikdan so‘ng Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashgan. 2026-yil 13-yanvarda dron hujumida og‘ir yaralanib, chap ko‘zidan ayrilgan va Moskva viloyatidagi gospitalda 65 kun davolangan.

Sudda A.M. aybiga iqror bo‘lib, koloniyada bosim ostida shartnoma imzolashga majbur bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uni bir necha bor izolyatorga solishgan va “Rossiya-Ukraina” urushida qatnashishga undashgan. Gospitaldan qochib, O‘zbekiston elchixonasi orqali vatanga qaytgan va 2026-yil 6-martda Toshkentga yetib kelgan.

Sud jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida uning pushaymonligi, oilasining og‘ir ahvoli va uch nafar farzandi borligini hisobga olgan. Biroq jinoyatning ijtimoiy xavfliligini inobatga olib, uni jamiyatdan ajratmasdan tuzatish mumkin emas degan xulosaga kelgan. Hukmga ko‘ra, A.M. umumiy tartibli koloniyada 3 yil o‘tashi kerak, sud zalida qamoqqa olingan.

Source: www.gazeta.uz