Shahrisabz tumani hokimining mahalliy aholi xonadoniga bostirib kirib, ayolni supurilmagan hovli va oshxonaning ahvoli uchun urishib bergani, uni gender bo‘yicha kamsitgani hamda jarimalar bilan tahdid qilgani bilan bog‘liq holat yagona emas ekan. O‘zbekistonning turli hududlaridan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, bunday holatlar hamma joyda sodir bo‘lmoqda.
Mushtariylarning ma’lum qilishicha, ba’zi mahallalarda rahbarlar xonadonlariga “bostirib kelganida” “sharmanda bo‘lmaslik” uchun aholini hovli va uylarni yig‘ishtirishga chaqirib, o‘sha videoni tarqatmoqda. Gazeta boshqa bir rolik haqida ham yozgandi, unda qaysidir rahbar — aftidan, mahalla raisi — uy egalari bilan bepisandlarcha gaplashib, ularni “uyg‘onishga” chaqiradi hamda hatto it va mollar ham yaxshiroq sharoitda (“o‘z joyini dumi bilan supurib”) yashayotganini ta’kidlaydi.
O‘zbekiston ombudsmani Feruza Eshmatova o‘tgan kuni fuqarolarni kamsitish va haqorat qilish, shuningdek, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ma’lum qilgandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bo‘lsa bunday harakatlar davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmasligi va mamlakat qonunlarini buzishini ta’kidladi.
Shunga qaramay, ketma-ket tarqalayotgan yangidan yangi videolardan ko‘rinib turibdiki, fuqarolar huquqlarining buzilishi davom etmoqda. Shu bilan birga, bu ishlar yuqori turuvchi rahbarlarning topshirig‘i bilan amalga oshirilayotgani ayon bo‘lmoqda. Videolardan birida “Saroy” mahallasi (tuman va viloyatga aniqlik kiritilmoqda) raisi ko‘rinishidan ancha ozoda hovlida, agar “tartib o‘rnatilmasa”, ayolga jarima solish bilan tahdid qiladi.
U uy egasining ismi va sharifini aytib, “hurmatli rahbariyat”ga murojaat qiladi hamda “mahalla yettiligi” a’zolari bilan birga xonalarni, oshxona va tandirxonani ko‘zdan kechirganini aytadi. Ayolga “sensirab” murojaat qilarkan, u: “Tushundingmi? Hamma joyingni tozalab qo‘y”, — deydi.
Ushbu amaldor ishtirokidagi boshqa bir video esa shu so‘zlar bilan boshlanadi: “Hurmatli rahbariyat, hurmatli „Saroy“ ahli”. U “kechagi” video bo‘yicha muhokamalar va tanqidlardan xabari borligini va bu viloyat hokimining qarori ekanini hamda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga tayyorgarlik bilan bog‘liqligini aytadi. U mahallalarga fuqarolarning xonadonlarini ham tashqi, ham ichki tarafdan o‘rganish topshirilganini ta’kidlaydi, “aqllilik qilmaslikka” va “elni buzmaslikka” chaqiradi hamda zarur bo‘lsa, boshqa rahbarlarni chaqirish bilan tahdid qiladi.
“To‘g‘ri o‘tiringlar, tinchgina yashaylik. Bu mengayam zarur emas. Men ham sog‘inganimdan kirganim yo‘q uylaringga, o‘rtoqlar. Faqat to‘g‘ri tushuninglar, men ham majbur bo‘lyapman kirishga. Hali ham jarima qilganim yo‘q, boshqa mahallalardagilar jarima qilib yotibdi 20−30 ta xonadonga kirib”, — deydi mahalla rahbari.
Alohida ochilgan Instagram akkauntda xuddi shunday videolarni juda ko‘p ko‘rish mumkin. Ularning deyarli hammasi “hurmatli rahbariyat” so‘zlari bilan boshlanadi. Uy egasining ismi va sharifi aytiladi. Amaldorlar “Dolzarb 40 kun” aksiyasi doirasida xonadonbay yurib, oshxonadagi idish-tovoqlar, tandirxonalar ahvoli va yashash sharoitlarini “baholayotganlarini” aytadi.
Barcha videolarda aholidan tandirxonalarni oqlash, hududni tozalash talab qilinmoqda. Ba’zi roliklarda yosh bolalarning yuzlari ko‘rinadi, ularning ismlari eshitiladi. Amaldorlarga IIB xodimlari hamrohlik qilmoqda. Ba’zi odamlarga jarimalar bilan tahdid qilingan. Videolardan birida ayol devorlarni oqlashga imkoniyati yo‘qligini aytadi. Videoga olayotgan shaxs unga ohak olib kelib berishini, oqlashga esa qizlari yordam berishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Yana bir rolikda bir qiz mahalla vakillari IIB xodimi bilan birgalikda, hokimning kutilayotgan tashrifini vaj qilib, uylari atrofidagi devorni buzib tashlashga yoki oqlashga majbur qilganini aytadi. Uning aytishicha, endi buzib tashlangan devorni olib chiqib ketish uchun pul, yangi devor qurish uchun esa undan ham ko‘proq mablag‘ talab qilinadi. Uy katta ko‘cha bo‘yida joylashgan bo‘lib, unda yosh bolalar yashaydi va ular endi xavf ostida qolmoqda.
Qiz hokimiyat vakillari oila a’zolariga baqirib, haqorat qilganini bildirgan. “Nega ular kelib, qurilgan narsani buzishga majbur qiladi?” — deb so‘raydi u. Yuqorida Gazeta ombudsman va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining bayonotlarini keltirgandi. Rahbarlarning xatti-harakatlarini jamoatchilik vakillari ham qoralab chiqdi.
Zo‘ravonlikka qarshi Nemolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko Gazeta`ga shunday dedi: “"Mahalla yettiligi” odamlar muammosi bilan shug‘ullanish o‘rniga qandaydir “axloq politsiyasi”ga aylanib qolgan. Kimdir videodagi ayoldan nima bilan tirikchilik qilishini so‘radimi? Unga qanday yordam kerak? Ahvoli qay holatda?”
“Yo‘q, buning o‘rniga uning uyini tekshirishdi va tanbeh berishdi. Bunday xonadondan hech kim qiz olmasligini ham aytishdi. Go‘yo ayollarning birdan bir vazifasi uyni ozoda qilishdek, ular ayollarni sharmanda qilishadi. Bunday munosabat xotin-qizlarning obyektivlashuvi oqibati bo‘lib, gender stereotiplarini yanada mustahkamlaydi”, — dedi u.
Inson huquqlari bo‘yicha “Markaziy Osiyo uyushmasi” jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Gulnoz Mamarasulova amaldorlarning vakolati ularga fuqarolarning uyiga kirish, ularni kamsitish yoki ijtimoiy tarmoqlarda sharmanda qilish huquqini bermasligini ta’kidladi. “Uy-joy daxlsizligi Konstitutsiya bilan kafolatlangan huquqdir. Davlat mansabdori fuqaroning uyiga kirgan taqdirda ham, o‘z vakolatini insonning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan tarzda amalga oshirmasligi shart”, — dedi u.
Huquq himoyachisi, shuningdek, Shahrisabz tumani hokimi tomonidan davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari buzilganiga e’tibor qaratdi: “Bu so‘zlar fuqaroni omma oldida uyaltirish va kamsitishga qaratilgan munosabatdir. Davlat organlarining vazifasi fuqaroni sharmanda qilish emas, qonun asosida ish yuritishdir”. U hokimning harakatlarini tekshirish, ularga huquqiy baho berish va qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortishga chaqirdi. “Agar bunday harakatlarga huquqiy baho berilmasa, fuqarolarning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchiga putur yetkaziladi”, — deya qo‘shimcha qildi Gulnoz Mamarasulova.
Ijtimoiy tarmoqlarda amaldorlarning harakatlarini hajv qiluvchi roliklar ham paydo bo‘ldi. Bloger nanixanum e’lon qilgan videoda ayol qo‘shnisinikiga kirib, xonada yotgan qizlarni uy yig‘ishtirilmagani, sovitkich chang bosgani va unda tishlangan qovun tilimi turgani uchun koyiydi. “Qiz bolamisizlar o‘zi?” — deb so‘raydi u (hazil tariqasida). “Hozir birdaniga hokim buva, ey, sovchilar kelib qolsa nima bo‘ladi?”
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev yarim tundan keyin chiqindi tashlayotgani aks etgan videoni e’lon qildi. “Sizlar ham [uyingizga] qarab qo‘yinglar. Endi o‘sha Shahrisabz hokimiga berilgan topshiriq bizning hokimga ham berilgan bo‘lsa kerak… Oldini olsak, yomon bo‘lmasa kerak, videomiz chiqib ketsa, yaxshi emas-da”. Habikatura satirik kanali “parallel dunyo” haqida karikatura e’lon qildi. Unda ayol hokim xonasiga kirib, stoldagi qog‘ozlarni kovlashtiradi va: “Shu ham ishlashmi? Manavi arizalarning yotishini qarang!” — deb so‘roqqa tutadi.
Source: www.gazeta.uz