Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Toshkent viloyati soliq boshqarmasi mas’ul xodimlarining qonunga xilof harakatlari aniqlangan. Ular audit tekshiruvlari davomida qo‘pol qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan.

Aniqlanishicha, soliqchilar 6 ta MCHJda o‘tkazilgan audit tekshiruvlari davomida dalolatnomalarni 5,2 milliard so‘mlik soliqlarni hisobga olmasdan rasmiylashtirgan. Bu esa davlat va jamiyat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgan.

O‘z navbatida, ushbu korxonalar mas’ullari va boshqa shaxslar 32,6 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) budjetdan noqonuniy ravishda qaytarib olgan. Shuningdek, ular 195,9 milliard so‘mlik mahsulotlarni naqd pulga sotib, tushumni bankka topshirmagan.

Bundan tashqari, savdo qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan holda, jami 42,5 milliard so‘mlik soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan. Bu holatlar iqtisodiy jinoyatlar sifatida baholanib, tergov harakatlari boshlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda, barcha holatlar bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruvlar olib borilmoqda.

Source: www.gazeta.uz