Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Tokzor” mahallasi hududida joylashgan “Izza” bozori yaqinidagi do‘konlarda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) matbuot xizmati xabar berdi.
Hodisa to‘g‘risidagi xabar 6-avgust kuni soat 12:29 da FVV navbatchilik qismiga kelib tushgan. Voqea joyiga zudlik bilan qutqaruv ekipajlari jalb etilib, yong‘inni o‘chirish ishlari boshlangan.
Yong‘in soat 13:48 da qurshab olingan va soat 14:09 da to‘liq bartaraf etilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida do‘konlarning 400 kvadrat metr qismi yonib zararlangan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmaganini bildirdi. Yong‘inning kelib chiqish sabablari aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevral oyida “Izza” bozorining qurilish materiallari sotiladigan do‘konlarida ham yong‘in chiqqan edi. O‘shanda vazirlik yong‘indan oldingi tekshiruvda bozorda yong‘in xavfsizligi qoidalarining bir qator buzilish holatlari aniqlanganini ma’lum qilgandi.
Source: www.gazeta.uz