Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

5-avgust kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2026−2027 o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida birinchi sinf o‘quvchilariga beriladigan “Prezident sovg‘asi” taqdimotini o‘tkazdi. Tadbirda Gazeta muxbiri ham ishtirok etib, sumka tarkibi va uning vazni haqida batafsil ma’lumot oldi.

Birinchi sinflar uchun mo‘ljallangan sumkada jami 12 turdagi o‘quv qurollari jamlangan. Yangilik sifatida vazirlik sumkaga davlat ramzlari – gerb va bayroq aks etgan brelokni qo‘shgan. Biroq, o‘quv qurollarining tannarxi haqidagi savolga vazirlik mas’ullari hozircha javob bermadi.

Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tgan yili farzandlari 1-sinfga chiqqan ota-onalar o‘rtasida o‘quv qurollari sifati bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilgan. Ko‘pchilik respondentlar sifat ko‘rsatkichini ijobiy baholagan.

Vazirlik boshqarma boshlig‘i Farhod Alimardonovning aytishicha, birinchi sinflar uchun 16 nomdagi darslik va 8 nomdagi mashq daftarlari tayyorlangan. Ayrim darsliklar o‘quv yili choraklariga bo‘lingan holda o‘qitiladi. Masalan, “Matematika” darsligi 4 ta qismdan iborat.

Vazirlar Mahkamasining 726-sonli qaroriga ko‘ra, 1−4 sinf o‘quvchilari uchun ishlab chiqariladigan darsliklar vazni 400 grammdan oshmasligi kerak. Bu yilgi 1-sinf darsliklari orasida eng og‘iri – 346 grammli “Tarbiya” kitobi ekan.

Bolaning sumkasi haftaning chorshanba kuni boshqa kunlarga nisbatan og‘irroq bo‘ladi. “Matematika”, “Alifbe”, “Yozuv darsi” va “Tarbiya” kitob-daftarlarining umumiy vazni 1,236 grammni tashkil etadi. Sumka bilan birgalikda bu ko‘rsatkich 1,650 grammga yetadi.

“Sumkaga boshqa kundagi darsliklarni ham solib yurish, qo‘shimcha buyumlar, ovqat, suv idishlari solish uning odatdagi vaznini oshirib yuborishi mumkin”, – deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i Farhod Almardonov.

O‘quv qurollari 25-avgustga qadar qabul qilingan o‘quvchilar soniga mos ravishda barcha maktablarga to‘liq yetkaziladi. “Prezident sovg‘asi” O‘zbekistondagi 800 dan ortiq nodavlat ta’lim muassasalarining birinchi sinfga qadam qo‘yadigan bolalariga ham beriladi.

“Respublikada alohida ta’limga ehtiyojlari mavjud bo‘lgan bolalar uchun maxsus maktablar bor, ularga ham prezident sovg‘alari tayyorlangan. Bu o‘quv qurollari biroz farq qilishi mumkin. Masalan, zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojiz bolalarga mo‘ljallangan, ta’lim jarayoniga moslangan o‘quv qurollari ham beriladi”, – deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov.

Biroq taqdimotda nogironligi bor o‘quvchilar uchun tayyorlangan o‘quv qurollari namoyish qilinmadi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2026−2027 o‘quv yilida respublikadagi 10 225 ta umumta’lim maktablarida 6,7 milliondan ortiq o‘quvchi tahsil oladi. 795 mingdan ortiq bolalar birinchi sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, 5-avgustga qadar 680 ming nafar o‘quvchi qabul qilingan. Jarayon 1-sentabrgacha davom etadi.

Shu kuni vazirlik bu yilgi o‘quv jarayonlariga qanday tayyorgarlik ko‘rilganini Chilonzor tumanidagi 202-maktab misolida ko‘rsatib o‘tdi. Sharlar bilan bezatilgan sinfxonalar, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun maxsus stul va partalar, qo‘l yuvish burchagi, suv ichish uchun kuler, maktab ichida joylashgan (nogironligi borlar uchun alohida) hojatxonalar va boshqa qulayliklar shular jumlasidan.

Source: www.gazeta.uz