Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan viloyatida umumiy qiymati 577,4 million so‘m bo‘lgan, sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan dori vositalarini realizatsiya qilishning oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Departament va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Boburshoh” mahallasi hududidagi uylardan birida 56 turdagi 13 mingdan ortiq o‘ram dori vositalari keyinchalik sotish maqsadida saqlanayotgani aniqlandi.

Barcha topilgan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi va ularning realizatsiya qilinishiga yo‘l qo‘yilmadi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining sifatsiz yoki qalbaki dori vositalarini ishlab chiqarish, sotib olish, saqlash, tashish yoki sotish bilan bog‘liq moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda bojxona xodimlari umumiy qiymati 7,3 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 160 mingdan ortiq o‘ram qalbaki Efba antibiotikini olib kirishga urinishning oldini olgandi. Hujjatlarda preparat Hindistonda ishlab chiqarilgan deb ko‘rsatilgan, biroq o‘ram va flakonlarda ishlab chiqaruvchi va ishlab chiqarilgan mamlakat haqida ma’lumot yo‘q edi.

Source: podrobno.uz