Toshkent shahar hokimligi tuzilmasida tashkil etilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlik va ichki nazorat xizmati tizimli tahlil o‘tkazdi.
Tahlil natijasida ilgari jinoyat sodir etgan 29 xodim, jumladan, tuman hokimliklarining 6 nafar xodimi va hokimlik tizimidagi tashkilotlarning 23 nafar xodimi, shuningdek, hokimlik tizimida ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan 1 353 nafar xodim to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rganildi.
Jinoyat sodir etgan ikki xodim bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi. Yana bir xodim rotatsiya doirasida boshqa lavozimga o‘tkazildi.
Qolgan holatlar bo‘yicha profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, tegishli tuman hokimliklari rahbariyatiga ushbu xodimlarni boshqa lavozimlarga rotatsiya qilish, ularning kundalik faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish va shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar yuborildi.
Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan 1 353 nafar xodim to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning bevosita rahbarlariga yetkazildi. Ularga har bir xodim bilan individual tushuntirish ishlarini olib borish topshirildi.
Poytaxt hokimligida ta’kidlanganidek, ushbu chora-tadbirlarning asosiy maqsadi xodimlar o‘rtasida ijro intizomini mustahkamlash va kelgusida bunday qoidabuzarliklarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.
Source: uznews.uz