Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Navoiy shahar hokimligi mahallani obodonlashtirish ishlari doirasida e'lon qilingan fotosuratlarga sun'iy intellekt yordamida ishlov berilganini tasdiqladi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo'ldi.

2-avgust kuni hokimlik Telegram kanalida Hayot mahallasidagi uylarning obodonlashtirishdan oldingi va keyingi holati aks etgan suratlarni joylashtirgan edi. Xabarda mahalla hududida uylarning devor va fasadlari tartibga keltirilayotgani, daraxtlarga agrotexnik ishlov berilib, oqlanayotgani, begona o'tlar yulib tashlanayotgani, ko'chalar va piyodalar yo'laklari tozalanayotgani aytilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda fotosuratlarga ishlov berishda sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgan bo'lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgach, 8-avgust kuni shahar hokimligi rasmiy izoh berdi. Hokimlik sun'iy intellektdan foydalanilganini tasdiqlab, materiallarni tayyorlashda mas'ul xodimlar tomonidan e'tiborsizlikka yo'l qo'yilganini ma'lum qildi.

Hokimlik bayonotida: "Ijtimoiy tarmoqlarga materiallarni tayyorlash va joylashtirish jarayonida mas'ul xodimlar tomonidan e'tiborsizlikka yo'l qo'yilgan. Mahalla hududidagi haqiqiy o'zgarishlarni ko'rgazmali va sifatliroq formatda taqdim etish maqsadida dizayn jarayonida sun'iy intellekt elementlaridan foydalanilgan hamda ushbu materiallar tegishli tekshiruvdan o'tkazilmasdan e'lon qilingan", deyilgan.

Hokimlik yuzaga kelgan holat va jamoatchilik bildirgan o'rinli e'tirozlar uchun aholi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan uzr so'radi. Materiallarni tayyorlash uchun mas'ul bo'lgan xodimlarga ogohlantirish berildi.

Shu bilan birga, hokimlik Hayot mahallasida obodonlashtirish ishlari haqiqatdan ham amalga oshirilganini ta'kidladi. E'lon qilingan tasvirlar mahalladagi o'zgarishlar o'ylab topilganini anglatmasligi qayd etildi. Hokimlik hududning haqiqiy holatini tasdiqlash uchun bayonotga hech qanday ishlov berilmagan, ya'ni tahrirlanmagan foto va videomateriallar ilova qilinganini ma'lum qildi.

Hokimlik ma'lumotiga ko'ra, Hayot mahallasida yo'llar ta'mirlangan, tungi yoritish chiroqlari o'rnatilgan, bolalar maydonchasi qurilgan va yashil hududlar tashkil etilgan. OAV vakillari, blogerlar hamda jamoatchilik faollari mahallaga tashrif buyurib, amalga oshirilgan ishlarni joyida ko'zdan kechirishga taklif qilindi.

Hokimlik axborot materiallarini tayyorlashda bunday holatlar takrorlanmasligi uchun ichki nazoratni kuchaytirishini ma'lum qildi.

Source: www.gazeta.uz