8-avgust kuni Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” binosida Oliy sud raisi, Sudyalar oliy kengashi rahbari, Toshkent shahri va Toshkent viloyati sudlari raislari va o‘rinbosarlari tomonidan aholi uchun ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi. Qabul soat 10:00 da boshlanib, 22:00 gacha davom etdi. Gazeta muxbiri Otabek Turdiyev 10:00 dan 14:00 gacha jarayonni kuzatdi.
Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qabul davomida 854 ta ish bo‘yicha 1279 kishining murojaati tinglandi. 403 ta shikoyat (ariza) qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun qabul qilinib, 410 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi. 41 ta murojaat qabul jarayonining o‘zida ijobiy hal etildi.
Qabulga kelgan fuqarolar ro‘yxatga olish burchagida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim qildi. Sud xodimlari ularni yagona ochiq muloqot sayti orqali ro‘yxatdan o‘tkazdi. Shundan so‘ng fuqarolar tegishliligiga qarab jinoyat, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyalarga yo‘naltirildi.
Murojaatchilarning aksar qismi Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova qabuliga kelganini ko‘rish mumkin. Eshik oldida biroz tiqilinch va tartibsizlik ham yuzaga keldi. Robaxon Mahmudova 218 nafar murojaatchini tingladi. Ulardan 161 ta ariza kelgan. 120 ta ariza o‘rganish uchun qabul qilindi.
Oliy sud raisining o‘rinbosari Malika Qalandarova fuqarolarning umidlarini bildirib, quyi instansiyada hal bo‘lmagan masalalarga yechim topishga harakat qilishlarini aytdi. U, shuningdek, fuqarolarning sudga vaqtida murojaat qilmasligi va “17−19 yildan beri ovoraman” deb kelishlarini salbiy baholadi. Aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish kerakligini ta’kidladi.
Inson huquqlari bo‘yicha “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning aytishicha, “odamlar norozi bo‘lmasa, bunaqa sayyor qabullarga kelmaydi”. U sayyor qabulni IIVnikiga o‘xshatib, tartibsizliklarni tanqid qildi, lekin sudyalarning faolligini qayd etdi. “Agar adolatli hukmlar bo‘laversa, sayyor qabullarga bu qadar ko‘p odam kelmaydi”, deya qo‘shimcha qildi.
Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova jurnalistlarga bergan intervyusida keyingi sayyor qabul Jizzax va Sirdaryo viloyatlari aholisi uchun tashkil qilinishi haqida gapirib o‘tdi.
Gazeta muxbiri qabulga kelganlarning ayrimlari bilan suhbatlashdi. G‘ulomjon Ilhomov 48 ta xonadon egasi nomidan Anorbank tomonidan garovga qo‘yilgan uylar muammosini bayon qildi. Ularga bank garovini bekor qilish taklifi berilgan, biroq 2 foiz boj to‘lash talabi ular uchun og‘irlik qilmoqda.
Tadbirkor To‘lqin Zakirov 2012-yilda MXX tomonidan tortib olingan to‘rtta AYOQSH mulki hali qaytarilmaganini aytdi. U Oliy sud raisi qabuliga kirib, taftish tayinlashga ijobiy xulosa olganini bildirdi.
Abdurahmon Tashanov bloger Sirojiddin Odilov ishi bo‘yicha qabul bo‘lganini, sud jarayonlarida himoyachilar uning aybsizligini isbotlaganini va u ozod qilinishiga umid qilishini aytdi.
Feruza Toshpo‘latova o‘g‘lining narkotik bilan bog‘liq jinoyatga aralashtirilgani va 12,5 yillik qamoq jazosi berilgani haqida gapirdi. U ishni xolisona qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.
Isomiddin Eshonqulov yer masalasi bo‘yicha bir necha yildan beri sudlashib kelayotganini, otasi vafotidan keyin unga nisbatan ariza yozilganini aytdi. U ishning adolatli ko‘rib chiqilishini so‘radi.
Source: www.gazeta.uz