7−9-avgust kunlari Xivadagi Ichan-qal’a hamda Arda Xiva majmualarida an’anaviy “Qovun sayli” festivali bo‘lib o‘tdi. Gazeta muxbiri ushbu tadbirdan fotoreportaj tayyorladi.
2019-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan O‘zbekistondagi yirik gastronomik festivallardan biri — “Qovun sayli” joriy yilda ham Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Ichan-qal’a majmuasi hududida 13 ta tuman va shahar hamda 6 ta hududiy tashkilotlar tomonidan qurilgan pavilonlarda meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, xususan, qovun mahsulotlari namoyish qilindi. Pavilonlarni bezatishda 700 tonnadan ziyod turli navdagi qovunlar va poliz ekinlaridan foydalanildi. Bundan tashqari, qovunlar hamda qovunni qayta ishlash orqali olingan 200 turdan ortiq mahsulot ham namoyish etildi.
Shuningdek, hunarmandchilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmalari, folklor jamoalarining chiqishlari bo‘lib o‘tdi. Uch kunlik festival davomida ko‘plab san’atkorlar, jumladan, O‘zbekiston xalq artistlari G‘ulomjon Yoqubov, Munojat Yo‘lchiyeva, Og‘abek Sobirov, Gulsanam Mamazoitova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Turdiyeva, xonandalar Hulkar Abdullayeva, Botir Qodirov, xorazmlik estrada xonandalari, shuningdek, rossiyalik qo‘shiqchi MakSim ishtirokida konsert dasturlari o‘tkazildi.
Viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasining Gazeta’ga ma’lum qilishicha, joriy yilda Xorazm viloyatida 358 ta fermer va 273 ta dehqon xo‘jaliklari tomonidan 3 ming gektarda parvarishlangan qovundan 75 ming tonna mahsulot olinishi kutilmoqda. “Asosan, 6 ta: Gurlan, Yangibozor, Urganch, Shovot, Xonqa va Xiva tumanlari qovun yetishtirishda katta tajribaga ega. Ushbu hududlarda qovunning „Gurvak“, „Zar gulobi“, „Gulobi xorazmiy“, „Saxovat“, „Obi-navvot“, „Suyunchi“ navlari ko‘p ekiladi”, — deyiladi axborotda.
Turizm qo‘mitasiga ko‘ra, bu yil festivalga jami 186 ming sayyoh qamrab olindi. Shundan 150 ming nafari mahalliy, 36 ming nafari esa chet ellik turistlarni tashkil etdi. 9-avgust kuni ushbu festival “Eng ko‘p qovun tatib ko‘rilgan festival” yo‘nalishida Ginnes rekordini o‘rnatdi. Unda 259 kishi bir vaqtda 10 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rdi. Rekordni tasdiqlash jarayonida Ginnes vakili Sheyda Subashi ham ishtirok etdi.
Joriy yil Xiva shahri Gran-priga loyiq ko‘rilib, BYD Champion avtomobili bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Yangiariq tumani hokimligiga Onix, ikkinchi o‘rinni egallagan viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga esa Cobalt mashinasi topshirildi. Uchinchi o‘ringa Urganch davlat universiteti, UzAuto Motors AJ Xorazm filiali hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi viloyat boshqarmasi munosib ko‘rildi va ularga Damas avtomashinasi berildi.
Source: www.gazeta.uz