Joriy yilning yetti oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan 2 888 nafar vatandoshimizni vataniga qaytardi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qaytarilgan fuqarolar orasida 1 306 nafari og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan, 518 nafari bolalari bilan birga bo‘lgan ayollar, 1 022 nafari bolalar, shuningdek, 42 nafari maxsus tibbiy transportda yotgan holda olib kelingan bemorlar bor.
Tibbiy kuzatuvga muhtoj bo‘lgan fuqarolardan 15 nafari Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari va shifokorlari hamrohligida respublikaga yetkazildi. Bu shaxslar davolanish va reabilitatsiya uchun zarur sharoitlar bilan ta’minlandi.
Fuqarolarni vataniga qaytarish bilan bog‘liq transport, tibbiy, tashkiliy va boshqa zarur xarajatlar uchun Migratsiya jamg‘armasi mablag‘laridan jami 9 milliard 936 million so‘m yo‘naltirildi. Bu mablag‘lar uchish-chiqish chiptalari, tibbiy yordam, vaqtinchalik turar joy va boshqa ehtiyojlarni qoplashga sarflandi.
Agentlik, shuningdek, xorijda ishlash chog‘ida qiyin vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yordam so‘rab murojaat qilishlari mumkinligini eslatdi. Murojaatlar agentlikning rasmiy veb-sayti yoki ishonch telefoni orqali qabul qilinadi.
Source: uznews.uz