Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Chinoz tumani hokimi Sherzod Salihov tomonidan „Uyatli xonadon“ va „Sharmandali mahalla“ plakatlarini ilish bo‘yicha berilgan ko‘rsatma jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Bu holat aks etgan video 27-iyun kuni hokimlikning rasmiy kanalida e’lon qilingan, biroq ko‘plab tanqidiy fikrlardan so‘ng tezda o‘chirib tashlangan.

Holat yuzasidan Chinoz tumani hokimi Sherzod Salihov Daryo nashriga bergan izohida, mahallalarni „Sharmandali mahalla“ va uylarni „Uyatli xonadon“ toifasiga bo‘lish bo‘yicha unga hech kim topshiriq bermaganini, bu uning shaxsiy tashabbusi ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu g‘oya yig‘ilishda ogohlantirish sifatida aytilgan va amalda hech qayerda joriy etilmagan.

„Bu o‘zimning tashabbusim. Yig‘ilish oxirida agar aytilgan vazifalarni bajarmasalaring, shunaqa qilinadi, deb aytganman. Lekin bu hech qayerda joriy qilinmadi. „Sharmandali mahalla“ degan banner yopishtirilib, yana o‘sha zahoti ko‘chirib olib ketilgan. Faqat ijtimoiy tarmoqqa chiqarish uchun videoga olingan. Lekin birorta xonadonga, birorta mahallaga osmaganman. Shunaqa bo‘ladi degan maqsadda ilib, ko‘rsatib, yana qaytarib olib qo‘yganmiz“, — dedi hokim.

Sherzod Salihovning ta’kidlashicha, bu tashabbusdan maqsad „Dolzarb 40 kunlik“ doirasida aholini obodonlashtirishga chorlash bo‘lgan. U mahalla yettiligini sharmanda qilish niyatida emasligini, balki ularni qo‘llab-quvvatlash va birlashtirishni maqsad qilganini aytdi. „Hamma har xil talqin qilyapti buni. Lekin o‘sha talqin qilayotganlar bir kun kelib hokim bo‘lib, xalq bilan ishlasa, vaziyatni tushunadi. Biz kimningdir uyiga tazyiq bilan kirib emas, tushuntirib targ‘ibot qildik“, — dedi u.

Hokim, shuningdek, o‘zining qo‘pol xatti-harakatini tan olib, agar aybi bo‘lsa, uzr so‘rashga tayyorligini bildirdi. „Balki qaysidir joyda sal qo‘pollashib ketgandirman. Beayb parvardigor. Aybimiz bo‘lsa, uzrimizni so‘raymiz. To‘g‘ri yo‘lda bo‘lsak, to‘g‘rimiz, deb ishimizni davom ettiramiz“, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida hokimlar, mahalla raislari va boshqa mas’ullar IIB xodimlari hamrohligida fuqarolarning uylariga kirib, hovlilar, yashash xonalari va oshxonalarni ko‘zdan kechirgan edi. Ba’zi hollarda ular hatto sovitkich va qozonlar ichigacha qarab chiqishgan. Bu harakatlar O‘zbekiston Mustaqillik kuniga tayyorgarlik ko‘rish bilan izohlangan.

Source: www.gazeta.uz