Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentning yettita tumanida umumiy elektr quvvati 203 MVt bo‘lgan kogeneratsiya qurilmalarini qurish loyihalari davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida amalga oshiriladi. Bu haqda “Issiqlik elektr stansiyalari” kompaniyasi xabar berdi.

Yangi obyektlar poytaxtning Mirzo Ulug‘bek, Yangihayot, Yashnobod, Uchtepa, Mirobod, Shayxontohur va Yunusobod tumanlarida quriladi. Ular 615 ta obyektni, jumladan 549 ta ko‘p qavatli uy, 17 ta maktab, 26 ta bog‘cha va 7 ta tibbiyot muassasasini issiqlik bilan ta’minlaydi.

Loyihalarda investor sifatida Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Tashgen B.V., shuningdek, Turkiyaning Pales Mühendislik Yatirimlari San. Tic. A.Ş. va Şekerci Endüstriyel İç ve Dış Tic. Ltd. kompaniyalari ishtirok etadi. Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, loyihaga kiritiladigan investitsiyalar hajmi 173 million dollarni tashkil etadi.

Qurilish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-yanvardagi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi. Kogeneratsiya obyektlari, jumladan, Toshkent issiqlik tarmoqlarining chekka hududlarida joylashtiriladi.

Yettita loyiha to‘liq amalga oshirilgach, stansiyalar energotizimga yiliga taxminan 1,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berishi va iste’molchilarga 1,2 mln Gkal issiqlik energiyasi uzatishi kutilmoqda. Tabiiy gazning yillik iste’moli taxminan 370 mln kub metrni tashkil etadi. Shuningdek, 80 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Toshkentda bunday obyektlarning dastlabkilari allaqachon ishlamoqda. 2022-2023-yillar qishidagi issiqlik ta’minotidagi muammolardan so‘ng qo‘shimcha manbalar yaratish zarurati paydo bo‘lgan edi. 2022-yil dekabrida prezident Shavkat Mirziyoyev Chilonzor issiqlik markaziga tashrif buyurib, havo sovuqligi sababli gaz bosimi pasaygani va eskirgan uskunalar issiqlik yo‘qotilishiga olib kelganini kuzatgan edi.

Prezident o‘shanda issiqlik ishlab chiqarishning muqobil manbalarini izlashni, jumladan, Toshkentda elektr va issiqlikni bir vaqtda ishlab chiqaradigan ixcham stansiyalarni o‘rnatishni taklif qilgan. Shundan so‘ng Turkiyaning Iltekno kompaniyasi bilan hamkorlikda Chilonzor tumanining Oqtepa va Bog‘zor mahallalarida loyiha amalga oshirildi.

Bog‘zordagi kogeneratsiya podstansiyasining qiymati 10 mln dollarni tashkil etdi. Uning elektr quvvati 4,6 MVt, issiqlik quvvati soatiga 29 Gkal. Obyekt yiliga 41 mln kVt·soat elektr va 219 ming Gkal issiqlik ishlab chiqaradi, 5,3 mln kub metr gazni tejaydi. Stansiya 50 ta ko‘p qavatli uy, 7 ta ijtimoiy muassasa va bir qator tadbirkorlik obyektlarini energiya bilan ta’minlaydi.

2023-yil oktabrida prezident obyektga tashrif buyurib, bunday loyihalarni poytaxtning boshqa tumanlariga ham tatbiq etish bo‘yicha topshiriq bergan. Keyinchalik Olmazor tumanidagi Shon-shuhrat mahallasida yana bir qurilma ishga tushirildi. Uning qiymati 3,6 mln dollar, elektr quvvati 1,2 MVt, issiqlik quvvati soatiga 6,4 Gkal, FIK 88 foiz. Yiliga 9,6 mln kVt·soat elektr va 26,4 ming Gkal issiqlik ishlab chiqaradi, 700 ming kub metr gaz tejaydi.

Sergeli tumanining O‘zgarish mahallasida ham shunga o‘xshash obyekt barpo etildi. Loyiha qiymati 5,7 mln dollar, elektr quvvati 2,3 MVt, issiqlik quvvati soatiga 10 Gkal. Stansiya yiliga 18,4 mln kVt·soat elektr va 46 ming Gkal issiqlik ishlab chiqaradi, 220 ming kub metr gaz tejaydi. Undan 52 ta ko‘p qavatli uy, maktab, bog‘cha va tadbirkorlar foydalanadi.

Kogeneratsiya bitta qurilmada bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Bu usul odatdagi elektr ishlab chiqarishda yo‘qoladigan issiqlikdan foydalanish va yonilg‘i samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Source: www.gazeta.uz